O‘zbekiston | 14:02 / 25.11.2025
5947
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif Imom Buxoriy ziyoratgohini ziyorat qilishdan boshlandi.

25 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga ishchi tashrif buyurdi. Tashrif doirasida davlat rahbari avvalo Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etildi, duo o‘qildi.

Prezident tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei va ulkan ilmiy salohiyatiga munosib ravishda tubdan qayta bunyod etildi. Umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etuvchi hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari barpo etilgan. Ziyoratgohning to‘rt burchagida qad rostlagan 75 metrlik minoralar majmuaga alohida mahobat bag‘ishlaydi.

Ziyoratgoh faqat ziyorat maskani emas, balki ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat markazi sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Shu maqsadda majmuada innovatsion muzey tashkil etilgan bo‘lib, u islom olamida “muhaddislar sultoni” deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy merosi va islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini zamonaviy shaklda namoyon etadi.

Agar avval majmua bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda 65 ming nafar mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ziyoratgoh atrofida 570 milliard so‘m mablag‘ evaziga mehmonxonalar va savdo-servis nuqtalari barpo etilgan. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona hamda 22 ta oilaviy mehmon uyi qurilgan. Mazkur obektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan, hudud obodonlashtirilgan. 2026 yilga qadar ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada kengaytirish va avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari Imom Buxoriy ziyoratgohini xalq boy ma’naviy merosi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etdi. Majmuada olib borilayotgan so‘nggi obodonlashtirish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, ziyoratchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid