O‘zbekiston | 10:56 / 25.11.2025
5864
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi reydlar kuchaytirildi (fotolar)

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi keskin oshishi ortidan Ekologiya mutasaddilari hamda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishiga qarshi keng ko‘lamli reyd tadbirlari kuchaytirildi.

Foto: O‘zA

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi keskin choralar ko‘rish boshlandi.

«So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi keskin oshgani aholi o‘rtasida jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Mavjud vaziyatni bartaraf etish maqsadida mas’ul idoralar rahbarlarining topshirig‘iga binoan ekologiya sohasidagi mutasaddilar hamda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Toshkent viloyati va Toshkent shahrida keng ko‘lamli reyd tadbirlari yanada kuchaytirildi.

Yarim tunda ham issiqxonalar, turli xil pechlar qo‘llanadigan inshootlar hamda havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilmoqda», deyiladi O‘zA xabarida.

Reydlar davomida:

  • havo sifati monitoringi yo‘lga qo‘yilyapti;
  • havo ifloslanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar aniqlanmoqda;
  • ekologik me’yorlarni buzgan obektlar faoliyati yuzasidan chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Ekologik me’yorlarni buzishda gumon qilingan issiqxonalar, turli pechlar hamda korxonalar faoliyati ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Qonunbuzarlik aniqlangan hollarda, ularga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy va boshqa ta’sir choralari ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, atmosfera havosini yaxshilash maqsadida Toshkentda keng ko‘lamli ekologik harakat boshlangan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan.

Mavzuga oid