Jamiyat | 17:34 / 26.11.2025
9407
5 daqiqa o‘qiladi

 “Ekologik vaziyatni qisqa fursatda o‘nglash imkonsiz” – ob-havo bo‘yicha mutaxassislar

Bir necha kundan beri Toshkent va unga qo‘shni hududlar aholisi o‘ta iflos havodan nafas olib yashamoqda. Prezident 25 noyabr kuni kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rsatilgan farmonni imzoladi. Kun.uz suhbatlashgan ob-havo bo‘yicha mutaxassislar fikricha, qisqa muddatda hozirgi muammoga yechim topishning imkoni yo‘q. Jamoatchilik faollariga ko‘ra esa, davlatning ekosiyosatiga mas’ul idoralar xalqqa nima bo‘layotganini doimiy tushuntirishi kerak.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Oxirgi bir necha kundan beri Toshkentning havosi doimgidan-da ifloslandi, quyuq chang zarralari to‘planib qolib, aholi bunday nosog‘lom havodan nafas olmoqda. Havo sifati bo‘yicha reytingda ham poytaxt ketma-ket dunyo bo‘yicha eng ifloslangan hudud bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti 25 noyabr kuni kechiktirib bo‘lmaydigan favqulodda ekologik choralar ko‘rsatilgan farmonini imzolarkan, hujjatga muvofiq maxsus komissiya tuzildi. Mana shu komissiya esa farmonda ko‘zlangan choralarni ko‘radi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori fikricha, Toshkent azaldan chang belbog‘ida joylashgan va shamolning harakatlari o‘zgarib bormoqda.

Qisqa vaqt ichida Toshkentdagi bunday iflos havo bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash uchun imkon yo‘q”, deydi u.

Gidrometeorologik ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Narzullayevning aytishicha esa har yillik inversiya hodisasi sabab chang havoda to‘planib qoldi.

Inversiya bu — atmosfera qatlamlarida havo harorati balandlik oshgan sari pasayish o‘rniga, aksincha ko‘tarilishi bilan yuzaga keladigan meteorologik hodisa. Bizda esa bu yil qurg‘oqchilik yili, noyabr boshidan beri yomg‘ir yog‘madi. Shuning uchun ko‘tarilgan changlar havoda turib qoldi”, deydi ob-havo bo‘yicha mutaxassis.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, butun xalqni qiynayotgan savollarga vaqtida javob qaytarish, aholi bilan sog‘lom muloqot lozim.

Buni fojia emas-u, milliy tashvish deb atagan bo‘lardim. Toshkentning egasi kim, albatta, hokim bo‘ladi. Lekin shunaqa vaziyat boshlanganidan beri biror marta chiqish qilib, ikki og‘iz gapirganini ko‘rmadim. Yoki bo‘lmasa, davlatning shuncha pulini olayotgan MTRK, ma’naviyat markazlari bor. Hech kim hech nima demadi va bu odamlarda savollarni, tashvishni ko‘paytirmoqda”, deydi Tashanov.

Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshev esa ekologik og‘ir damda jamoatchilik faollari, xalq tanigan siyosiy figuralar bildirayotgan yengil-yelpi, ilmiy asosga ega bo‘lmagan munosabatlarni tanqid qildi.

Har xil yondashuvlar bo‘lyapti va bu juda qaltis. Kimdir tabiatni boshqarib bo‘lmaydi, deydi, yana kimdir esa go‘ng yoqinglar deydi. Paxta dalalariga dori sepilganda indolmagan bu xalq hozir jim o‘tirishga majbur emas. Avvalo, mana shu changning manbasi nima, qayerdan kelyapti o‘zi Toshkentga bu qadar ko‘p chang, degan savolni o‘rtaga tashlash kerak”, deydi jamiyatshunos.

Ob-havo bo‘yicha mutaxassislar yaqin 10-12 kun davomida tabiiy nuqtayi nazardan hozirgi vaziyat saqlanib qolinishini prognoz qildi. Ya’ni bunday vaziyatda birinchi yordam tabiatdan, ikkinchisi esa sun’iy yo‘llar bilan bartaraf etish bo‘ladi. Tabiatdan esa yaqin 10-12 kun ichida yomg‘ir bo‘lmasligi va kuchli shamol ham kuzatilmasligi sabab yordam kutib bo‘lmaydi.

Prezident imzolagan farmonga kelsak, unda qisqa va uzoq muddat uchun aynan kechiktirib bo‘lmaydigan ekologik choralar ko‘rsatilgan. Ayniqsa, tuziladigan maxsus komissiya vaziyatni yaxshilash yuzasidan ba’zi vakolatlarga ega bo‘lmoqda. Xususan, atmosferani ortiqcha ifloslantirayotgan issiqxona va boshqa obektlar faoliyatini to‘xtatish yoki butunlay tugatish imkoniga ega. Lekin jamiyatshunos Mahmudov fikricha, O‘zbekiston aholisi bundan 40-50 yil avval ham ko‘mir yoqqan, lekin ifloslanish darajasi bunday bo‘lmagan.

Bu fikrga javob bergan geografiya fanlari doktori Doniyor Turg‘unov fikricha, o‘sha davrda bu hududda ko‘proq yomg‘ir yog‘gan va bu gal ham yomg‘ir yog‘ganida vaziyat ancha yaxshi bo‘lgan bo‘lardi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Intervyuning to‘liq versiyasini Kun.uzʼning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid