Jahon | 14:10 / 26.11.2025
4793
6 daqiqa o‘qiladi

Urush va OAV: haqiqat qayerda?

Azizlar, bugun biroz jurnalistika haqida gaplashamiz. Ikki dahshatli urush davrida bu kasb insoniyat uchun qanchalik muhim ekani ko‘rinmoqda. Urush bu ajoyib soha uchun chinakam sinovga aylandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dunyo xaos holatida bo‘lganda xolis fikr, haqiqatning qadri baland bo‘ladi, chunki urush davrida propaganda yanada agressiv ko‘rinish olib, millionlab odamlarni o‘z domiga tortadi. Urush davrida odamlar go‘yoki daryoning narigi qirg‘og‘ida yashaydigan siyosatchilarga emas, har tong ular bilan elektrobusda ishga qatnaydigan jurnalistlarga ishongisi keladi. Urush davrida professional jurnalistika va propaganda o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rinadi. Quyida shu mavzuga to‘xtalamiz.

Mustaqil jurnalistika

Shu kunlarda AQSh prezidenti Tramp Kiyev imzolashini talab qilayotgan «tinchlik kelishuvi» butun dunyoda muhokama qilinmoqda. Axir bu kelishuv imzolansa, ikki jahon urushlaridan keyin dunyoda kuzatilayotgan eng yirik qirg‘inbarot to‘xtaydi, dunyo yengil nafas oladi, narx-navo iziga tushadi, dunyo xavfsizroq bo‘ladi.

Qizig‘i odamlar muhokama qilayotgan bu kelishuv matnini hech qaysi davlat rasman e’lon qilgani yo‘q. Matn Amerikaning Axios nashri, oldinroq bir ukrainalik jurnalist tomonidan e’lon qilindi. Va butun dunyoda buni chindan rasmiy hujjat sifatida muhokama qilishmoqda, aslida hujjat boshqacha bo‘lsa-chi degan fikr ko‘pchilikning xayolidan ham o‘tgani yo‘q. Bu esa odamlarning mustaqil OAVga ishonchini ko‘rsatadi.

Hozir hech kim Oq uyning saytini ochib, “Qani bular nima deb yozyapti”, deb qarab ham o‘tirmaydi. “Qani Reuters nima debdi, Axios nima yozdiykin, CNN demokratlarni qo‘llaydi-kuya, lekin insaydlari zo‘r, New York Times razvedkadagi manbalariga tayanib biror nima yozmabdimi”, deb qiziqadi. Men shunchaki Amerikadagi nashrlar misolida gapirdim, hozir butun dunyoda mustaqil jurnalistikaning, mustaqil blogerlarning — albatta, o‘z so‘ziga mas’uliyat bilan yondashadiganlarni aytyapman — jamiyatdagi o‘rni muhim. Chunki odamlar ularni eshityapti, ishonyapti. Urush davrida, axborotga ehtiyoj oshgan davrda bu fakt ayniqsa sezilyapti.

Propaganda uzoq dosh berolmaydi

Endi urush davridagi propaganda qay ahvolga tushgani haqida Rossiya va Ukrainadagi nashrlar misolida gaplashsak. Urush boshida har ikki tomonda propagandachilar juda faol bo‘lishdi, ularni millionlab odamlar og‘zini ochib tomosha qildi. Bugun axborot asrida propagandachilar qo‘mondonlar uchun harbiylardan ham muhimroq odamga aylanishadi. Hozirni qo‘ying, Adolf Hitlerning eng sodiq, eng muhim odami propagandachi Yozef Gebbels bo‘lgan. Bugungi butun dunyo onlayn kuzatayotgan urushda propagandaning ahamiyatini tasavvur qilavering.

Lekin propaganda uzoq vaqt foyda beradigan narsa emas. Odamlar bir kun kelib albatta propaganda ularni aldayotgani, manipulyatsiya qilayotganini sezib qoladi. Axir hozir insonlar real hayotdan ko‘ra ijtimoiy tarmoqda ko‘proq yashamoqda. Yaqinda Ukrainadagi obro‘li blogerlardan birining YouTube sahifasiga ko‘zim tushib qoldi, millionlab obunachisi bor kanallardagi videolar bir necha ming marta ko‘rilgan xolos. Nega? Chunki ular to‘rt yildan beri «Ana Rossiya quladi», «Mana Rossiya quladi», «Putin ketarkan» kabi asosiy gaplarni gapiraverib odamlarni charchatdi. Rossiya propagandasiga hozir ruslarning o‘zi ham ishonmasa kerak, general Konashenkovning bayonotlari-ku alohida olam.

Bu misollar bilan nima demoqchiman? Mustaqil jurnalistika, so‘z erkinligi jamiyat uchun qanchalik muhim ekani mana shunday murakkab davrda yana bir bor ko‘rindi. To‘g‘risi, YouTube’da o‘zbekcha dasturlar, loyihalar, muhokamalar ko‘payganidan juda xursand bo‘laman. Bizda oxirgi yillarda jurnalistika darajasi yaxshigina o‘sdi, saviyali blogerlar chiqyapti, ijtimoiy tarmoqlarda saviyali fikrlar ko‘paydi. Albatta, biz bu borada katta davlatlar ancha oldin bosib o‘tgan yo‘ldan endi o‘tyapmiz, muammolarimiz ko‘p, lekin eng asosiysi jamiyat mustaqil jurnalistika ahamiyatini anglay boshlaganida.

Ishoning, matbuotning, professional jurnalistikaning, so‘z erkinligining jamiyat rivojlanishida hissasi katta. Ming kishi ham a’zo bo‘lmagan Telegram-kanalida yoki oddiy tuman gazetasida juda kichik, tuman darajasidagi juda oddiy muammoni ko‘tarib chiqayotgan muxbir bir qarashda kichik, lekin aslida rivojlanishi tezlashgan jamiyatimiz uchun katta ish qilayotgan bo‘ladi. Bizda bu ajoyib soha yanayam rivojlanishiga ishonaman, bu borada umid uchqunlari ko‘rinmoqda.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid