Jahon | 13:37 / 27.11.2025
1739
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiya sudi Nikolya Sarkoziga chiqarilgan ikkinchi hukmni tasdiqladi

Fransiya Kassatsiya sudi sobiq prezidentga 2012 yilgi kampaniya xarajatlarini oshirib yuborgani uchun chiqarilgan hukmning qonuniyligini tasdiqladi. Jazoning yarim yili shartli, yana yarim yili esa muqobil choralar bilan almashtirilishi mumkin.

Foto: Stephanie Lecocq / Reuters

Fransiya Kassatsiya sudi chorshanba, 26 noyabr kuni sobiq prezident Nikolya Sarkoziga nisbatan uning 2012 yildagi saylovoldi kampaniyasida ortiqcha xarajatlar bo‘yicha chiqarilgan hukmni kuchda qoldirdi. Sud unga tayinlangan bir yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tasdiqladi. Shu tariqa hukm qonuniy kuchga kirdi. Jazoning olti oyi Sarkozi uchun shartli hisoblanadi, qolgan olti oy esa, masalan, elektron bilakuzuk taqish kabi muqobil choralar bilan almashtirilishi mumkin. Siyosatchining o‘zi esa hamon o‘zini aybsiz deb hisoblashini ta’kidlab kelmoqda.

Kassatsiya sudi ayblovning mohiyatini qayta ko‘rib chiqmaydi, faqat jarayonda protsessual xatolar bor-yo‘qligini tekshiradi. Ishning markazida Sarkozi 2012 yildagi kampaniyasi xarajatlari turadi. O‘shanda konservativ lager vakili sifatida prezidentlikka qayta saylanishga harakat qilgan Sarkozi qonun bilan belgilangan 22,5 mln yevrolik limitni deyarli ikki baravarga oshirgan. Bygmalion event-kompaniyasi limitdan oshgan xarajatlarni yashirish uchun Sarkozining partiyasiga soxta hisob fakturalar taqdim qilgan.

Sarkozining o‘ziga soxta hisob fakturalar sxemasini o‘ylab topish aybi qo‘yilmagan, lekin unga kampaniyani noqonuniy moliyalashtirish aybi yuklangan. Yaqin kunlarda u jazoni qay tarzda o‘tashini aniq biladi. Uning 70 yoshini inobatga olgan holda advokatlari shartlarni yumshatishga erishishga urinishi kutilmoqda. Kassatsiya sudi, shuningdek, apellyatsiya bergan yana uch nafar ayblanuvchi, jumladan Sarkozining saylovoldi kampaniyasi rahbariga hukmni ham o‘zgarishsiz qoldirdi.

Sarkozi himoyasi Kassatsiya sudi qarorini “pretsedensiz” deb baholadi. Advokatlar apellyatsiya instansiyasi sudi Sarkozi haqiqatan ham xarajatlar limitidan oshib ketilgani yoki bu qanday usullar orqali yashirilganidan xabardor bo‘lganini isbotlay olmaganini eslatdi.

Bu Fransiyaning sobiq prezidentiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilishga oid ikkinchi hukm hisoblanadi. 2024 yil dekabrida u sudyani pora bilan bo‘ysundirishga urinish ishi bo‘yicha bir yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, jazoni elektron bilaguzuk taqish orqali o‘tashi kerak edi. May oyida, uch oydan so‘ng, uning yoshi tufayli bilaguzuk yechib tashlangan.

Joriy yil sentabrida Sarkozi Liviya mablag‘larining siyosiy faoliyatiga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq “jinoiy uyushma tuzish” ishi bo‘yicha besh yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. U uch hafta qamoqda saqlangach, noyabr boshida muddatidan oldin ozod qilindi. Unga oid apellyatsiya ishi 2026 yil bahoriga belgilangan, Sarkozi yana oqlanishga erishish niyatida.

10 dekabr kuni Sarkozining “Mahbus kundaligi” nomli kitobi chop etiladi, u Parijdagi Lya-Sante qamoqxonasida qisqa muddat bo‘lgan davriga bag‘ishlangan. Uni o‘ng-konservativ tadbirkor Vensan Bollorega tegishli Fayard nashriyoti tayyorlamoqda. X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) Sarkozi: “Qanday qilib sahro ichki dunyoni mustahkamlasa, qamoq ham ichki bardoshni kuchaytiradi”, deb yozdi. U 9 kvadrat metrlik kamerada doimiy shovqin va bir xillikka chidashiga to‘g‘ri kelganini so‘zlab berdi.

Nikolya Sarkozi 2007 yildan 2012 yilgacha Fransiya prezidenti lavozimini egallagan. U jahon moliyaviy inqiroziga qarshi kurashda muhim rol o‘ynagan. 2011 yilda Fransiya o‘shandagi Liviya rahbari Muammar Qaddofiyga qarshi qo‘zg‘olonni qo‘llab-quvvatlash uchun harbiy intervensiyada qatnashgan ilk davlatlardan biriga aylangan.

Ichki siyosatda esa, sobiq advokat pensiya yoshini 60 yoshdan 62 yoshga ko‘tarish islohotini amalga oshirgan va migratsiya hamda ichki xavfsizlik masalalarida qat’iy kurs tarafdori bo‘lgan. Ko‘plab sud ishlariga qaramay, Sarkozi hozir ham o‘ng siyosiy kuchlar lagerida maslahatchi bo‘lib qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid