Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy yaqinida otishma: afg‘onistonlik muhojir milliy gvardiyachilarni o‘qqa tutdi
Vashington markazida, Oq uy yaqinida joylashgan Farragut maydoni va Farragut West metro bekati yaqinida ikki nafar AQSh Milliy gvardiyasi (G‘arbiy Virjiniya shtati kontingenti) xizmatchisiga o‘q uzildi. Rasmiylar hujumni milliy gvardiyachilarga qasddan amalga oshirilgan suiqasd deb baholamoqda.
Foto: AP
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi milliy gvardiyachilarga yaqinlashib, avval unga eng yaqin turgan harbiyga bir necha marta o‘q uzgan, shundan keyin avtobus bekati ortiga yashirinishga uringan ikkinchi gvardiyachini ham yaralagani aytilmoqda. Harbiylardan biri javob o‘qi bilan hujumchini zararsizlantirgan. Hodisa vaqtida umumiy hisobda o‘ndan ortiq o‘q ovozi eshitilgani xabar qilingan.
Ikki nafar milliy gvardiyachi og‘ir, «kritik» ahvolda kasalxona jonlantirish bo‘limiga yetkazilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan kamida biri boshidan og‘ir yaralangan. Hujumchi ham otishma paytida jarohat olgan, ammo rasmiylar uning hayotiga bevosita xavf yo‘qligini, u qo‘lga olingani va shifoxonaga olib ketilganini qayd etmoqda.
Tergovga yaqin manbalar ma’lumoticha, gumonlanuvchi Afg‘oniston fuqarosi Rahmonullo L. ekani aniqlangan. FTB (FBI) uning barmoq izlari va boshqa ma’lumotlarini bazalar bilan solishtirib, 2021 yili Afg‘onistondan AQShga kelgani, avval Vashington shtatida yashagani va 2024 yilda siyosiy boshpana so‘rab ariza topshirganini bildirgan, boshpana 2025 yil boshida berilgani haqida ham xabarlar bor. Ichki xavfsizlik idoralari hozirda uning biografiyasi, aloqalari va ehtimoliy radikallashuvi bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
Dastlab ayrim Amerika OAV va G‘arbiy Virjiniya shtati gubernatori Patrik Morrisi milliy gvardiyachilar halok bo‘lgani haqida xabar bergan, ammo keyinroq u ma’lumotlar xato bo‘lganini aytdi va harbiylar tirik, lekin juda og‘ir ahvolda ekanini tasdiqladi.
Prezident Donald Tramp hodisani «terror akti» deb atadi va Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida hujumchini «hayvon» deb ta’riflab, unga qattiq jazo berilishini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp Pentagondan Vashingtonga qo‘shimcha 500 nafar milliy gvardiyachi yuborishni so‘radi, bu avvaldan poytaxtda xizmat o‘tayotgan mingdan ortiq harbiylarga qo‘shimcha bo‘ladi. Mudofaa vaziri Pit Xegset ham prezident qarorini qo‘llab-quvvatladi.
Vashington meri Myuriel Bauzer va FTB direktori Kesh Patel hujumni keskin qoralab, hozircha aniq motiv noma’lumligini, tafsilotlar to‘liq o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Vitse-prezident Jyey Di Vens xalqni xotirjamlikni saqlashga chaqirar ekan, jarohat olgan harbiylar uchun duo qilishni so‘radi.
Hodisa yuz bergan hudud – Farragut maydoni atrofidagi ko‘chalar politsiya tomonidan vaqtincha yopildi, metro chiqishlarida va Oq uy atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Tergov idoralari hujumchi yolg‘iz harakat qilgan-qilmagani, shuningdek, uning ehtimoliy terrorchilik guruhlari bilan bog‘liqligi bor-yo‘qligini aniqlashga urinmoqda.
Mavzuga oid
09:44 / 03.12.2025
Oq uy yaqinidagi otishmada ayblanayotgan afg‘onistonlik aybini tan olmadi
16:06 / 01.12.2025
Oq uy saytida OAV uchun “sharmandalar zali” ochildi
16:14 / 27.11.2025
“Yovuzlik va terror uchun eng katta narxni to‘lattiramiz” – Vashingtondagi otishmadan keyin nimalar ma’lum?
21:20 / 21.10.2025