Jahon | 13:47 / 27.11.2025
1895
3 daqiqa o‘qiladi

Politico: AQSh Ukrainaga kafolatlarni bitimdan keyin bermoqchi

Davlat departamenti rahbari Yevropa ittifoqchilariga AQSh Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini faqat tinchlik kelishuvi tuzilgandan so‘ng taqdim etishini aytgani haqida nashr xabar berdi. Shu bilan birga, Marko Rubio bunday kafolatlar AQSh uchun ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan.

Foto: Fabrice Coffrini/AFP via Getty Images

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Yevropa ittifoqchilariga Vashington Ukrainaga har qanday xavfsizlik kafolatlarini faqat tinchlik bitimi tuzilgandan keyingina berishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda chorshanba, 26 noyabr kuni Politico onlayn-nashri muzokaralar mazmunidan xabardor manba va yevropalik diplomatga tayanib yozdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bunday shart o‘tgan hafta AQSh tomonidan Kiyevga yuborilgan takliflarda o‘z ifodasini topgan.

Nashr eslatishicha, Ukraina g‘arb tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishini Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzishda eng asosiy shart deb hisoblaydi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp go‘yoki “Ukraina rahbarlarini Oq uyga taklif qilmasligini”, bitim imzolanmaguncha ularni qabul qilmasligini aytgan, deyiladi maqolada.

Nashrga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan kelayotgan siyosiy signallar “ko‘p qirrali” hisoblanadi. Politico yozishicha, 25 noyabr kuni yevropalik vakillar bilan telefon orqali suhbatda Marko Rubio Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari Tramp ma’muriyatining ustuvor vazifasi ekanini aytgan, shuningdek, bu masala tinchlik bitimining boshqa, allaqachon kelishib olingan bandlaridan alohida muhokama qilinayotganini ta’kidlagan.

Nashr suhbatdoshi bo‘lgan yevropalik diplomat so‘zlariga ko‘ra, AQSh barcha shartlarni tez orada yagona paket ko‘rinishida qabul qilishni istamoqda.

Bundan tashqari, davlat kotibi yevropaliklar bilan suhbatda tinchlik kelishuviga oid boshqa masalalarni ham umumiy qilib tilga olgan. Manba so‘zlariga ko‘ra, ular Ukraina hududiy yaxlitligi va muzlatilgan Rossiya aktivlari masalalariga taalluqli bo‘lgan.

“Ayrim Yevropa davlatlari Tramp ma’muriyati vaziyatni Rossiya foydasiga og‘dirib yuborishidan xavotirda”, — deyiladi maqolada. “Inson huquqlari, gumanitar huquq, xalqaro huquq yoki umumiy tamoyillar haqida bir og‘iz gap yo‘q. Bu esa Yevropa xavfsizlik arxitekturasining yangi, ammo teshiklarga to‘la modelini yaratadi”, — deya diplomatlardan birining so‘zlari keltiriladi.

Mavzuga oid