Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron futbol bo‘yicha jahon chempionati qur’asini boykot qilmoqchi
Avvalroq, Eron futbol federatsiyasi vakillariga AQSh vizasi berilmagan edi. Eronliklar buni siyosiy qaror deb hisoblamoqda.
Foto: Getty images
Eron futbol federatsiyasi (EFF) delegatsiyasi 5 dekabr kuni AQSh poytaxti Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati qur’asida ishtirok etmoqchi emas. Avvalroq federatsiya rahbari Mahdiy Tojga mamlakatga kirishga ruxsat berilmagan edi. Bu haqda Iran International yozdi.
Eron delegatsiyasi JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan mamlakat vakili sifatida qur’a tashlash marosimida ishtirok etishi kerak edi. Biroq, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, delegatsiyaning bir necha a’zosiga, jumladan EFF rahbari Mahdiy Tojga Amerika vizasi berilmagan. U bunday qarorni siyosiy deb atadi.
«Biz FIFAga qabul qilingan qarorlarning sportga hech qanday aloqasi yo‘qligi va Eron delegatsiyasi a’zolari jahon chempionati qur’asida ishtirok etmasligini ma’lum qildik. Biz FIFA rahbari janob Infantinoga bu faqat siyosiy pozitsiya ekanini va FIFA bunday xatti-harakatlardan tiyilishni talab qilishi kerakligini aytdik», dedi Toj.
Qayd etilishicha, delegatsiyaning 4 nafar a’zosi, jumladan, Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alinoiy viza olgan.
Biroq EFF vakili Amir Mahdiy Alaviy mamlakat delegatsiyasiga to‘liq tarkibda viza berilmasa, qur’a marosimidan voz kechishini ma’lum qildi.
FIFA va AQSh Davlat departamenti hozircha vaziyatga izoh bermadi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu masalani nazorat ostida ushlab turganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, FIFA Ijro qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan Toj katta ehtimol bilan FIFA orqali viza oladi.
Eslatib o‘tamiz, 5 dekabr kuni Vashingtonda jahon chempionati final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.