O‘zbekiston | 16:13 / 28.11.2025
1743
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank qoshida venchur fond va innovatsion hab tashkil etiladi

O‘zbekiston Markaziy banki qoshida fintex-startaplarni moliyalashtiradigan, 50 mln dollar ustav jamg‘armasiga ega venchur fond ochiladi. MB huzurida, shuningdek, fintex-startaplar uchun innovatsion hab ham tashkil etiladi va uning ishtirokchilariga fintex kurslarida o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining 50 foizgacha qismini davlat qoplab beradi.

Foto: Kun.uz

27 noyabr kuni “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, 2026–2030 yillarda moliyaviy texnologiyalar (fintex) sohasidagi startaplarga 1 mlrd dollar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va fintex bozori ishtirokchilari sonini kamida 200 taga yetkazish maqsadi qo‘yildi.

Startaplarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida Markaziy bank huzurida ustav jamg‘armasi 50 mln dollar ekvivalentiga teng MChJ shaklidagi venchur fondi tashkil etiladi. Ushbu fond moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradi.

Shuningdek, MB huzurida fintex-startaplar uchun innovatsion hab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yil 1 yanvardan innovatsion hab ishtirokchilariga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining 50 foizgacha qismi (20 ming dollar ekvivalentidan oshmagan miqdorda) davlat tomonidan qoplab beriladi.

2026 yildan boshlab har yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro forumlar tashkil etib borilishi ham belgilandi.

Mavzuga oid