Jahon | 15:05 / 28.11.2025
1234
4 daqiqa o‘qiladi

Italiya Nord Stream ishi bo‘yicha gumonlanuvchini Germaniyaga topshirdi

“Shimoliy oqim” gaz quvurlari portlatilishi ishi doirasida gumonlanayotgan Ukraina fuqarosi Sergey K. Italiyadan Germaniyaga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Germaniya federal prokuraturasi ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

“Shimoliy oqim” gaz quvurlarini portlatish ishi doirasida gumonlanayotgan Ukraina fuqarosi Sergey K. Italiyadan Germaniya Federativ Respublikasiga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda 27 noyabr, payshanba kuni Karlsrue shahrida joylashgan Germaniya federal prokuraturasi xabar berdi.

49 yoshli K. Nord Stream ishida asosiy gumonlanuvchi hisoblanmoqda — dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u gaz quvurlarini portlatish operatsiyasini muvofiqlashtirgan, deb taxmin qilinmoqda. Germaniya prokuraturasi Sergey K.ni portlashlarga sheriklik qilish va konstitutsion tuzumga qarshi diversiya faoliyatida ayblamoqda. Ehtimol, u Hamburgda sud oldida javob beradi.

Italiyaning eng yuqori sud instansiyasi — Kassatsiya sudi 19 noyabr kuni Sergey K.ni Germaniyaga topshirish to‘g‘risidagi qarorni yakuniy tarzda tasdiqlagan edi.

Sergey K.ning advokati Nikola Kanestrini 4 noyabr kuni ma’lum qilishicha, himoya ostidagi shaxs 31 oktyabrdan beri oziq-ovqatdan voz kechgan, bu orqali o‘z huquqlariga rioya etilishini talab qilgan. Ukrainalik mahkum unga “to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom muhit, qo‘riqlanishida munosib shart-sharoitlar hamda oila a’zolari bilan uchrashuvlar va axborotga yetarli darajada kirish imkoni bo‘yicha boshqa mahkumlar bilan teng munosabat”ni ta’minlashni talab qilgan.

Bir haftadan so‘ng Kanestrini Sergey K. ochlik aksiyasini to‘xtatganini, chunki Italiya rasmiylari uning huquqlariga to‘liq rioya qilishga va’da berganini bildirdi. Advokatning aytishicha, uning mijozi ochlik davrida 9 kilogramm vazn yo‘qotgan.

Sergey K. yozda oilasi bilan dam olayotgan Adriatika dengizi sohilida qo‘lga olingan. Germaniya tergovchilari ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik gumonlanuvchi to‘rt nafar g‘avvosni o‘z ichiga olgan yetti kishilik guruhga rahbarlik qilgan. Gaz quvurlarini portlatish rejasini amalga oshirish uchun ular Germaniyada Andromeda (“Andromeda”) nomli yaxtani ijaraga olgan va u bilan Boltiq dengiziga chiqqan.

“Shimoliy oqim” gaz quvurlarini portlatish ishidagi yana bir gumonlanuvchi — ilgariroq Polshada qo‘lga olingan, 46 yoshli Ukraina fuqarosi Vladimir J.ni Germaniyaga ekstraditsiya qilishdan Varshava sudi oktyabr o‘rtalarida bosh tortgan edi. Shu bilan birga, uni qamoqdan ozod qilishga ham qaror qilingan. Sudya Dariush Lyubovskiy Berlinning ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rovini “ko‘rib chiqishga arzimaydi” deb baholadi. Polsha bosh vaziri Donald Tusk sud qarorini to‘g‘ri, deb atadi.

“Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim – 2” quvurlaridagi portlashlar 2022 yil 26 sentabr kuni katta xalqaro shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli urushi boshlanganiga yarim yil bo‘lganida, Boltiq dengizi­­dagi Bornxolm oroli yaqinida bir necha suvosti portlashlari quvurlarni vayron qildi. Keyinchalik gaz quvurining to‘rtta tarmog‘idan uchtasida gaz sizib chiqishi aniqlandi va ular orqali gaz yetkazib berish imkoni yo‘qqa chiqdi.

Mavzuga oid