Jahon | 09:13 / 28.11.2025
1612
5 daqiqa o‘qiladi

Latviya RFga ulangan temiryo‘l uchastkalarini yo‘q qilishni muhokama qilmoqda

Latviya Rossiya tajovuz qilgan taqdirda, kengligi Rossiya temiryo‘l standartlariga mos bo‘lgan temiryo‘l izlaridan Rossiya tarkiblari foydalanishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Pond5 Images/IMAGO

Latviya hukumati Rossiya tomon olib boradigan temiryo‘l liniyasi uchastkalarini to‘liq demontaj qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs va bosh vazir Evika Silinya tomonidan allaqachon muhokama qilingani haqida 27 noyabr, payshanba kuni Latviya jamoat mediakompaniyasi LSM xabar berdi.

2025 yil oxirigacha Latviya hukumati harbiylar bilan birgalikda mamlakat sharqidagi bir nechta temiryo‘l uchastkalarini demontaj qilish imkoniyatini tahlil qiladi, shuningdek, Litva va Estoniya bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Rinkevichsning aytishicha, bu masalada aniqliklar kelasi yil boshlarida kutilmoqda, deya ta’kidlaydi LSM.

«Milliy mudofaa va xavfsizlikni mustahkamlashning hech bir variantini inkor etishga haqqimiz yo‘q, ammo bunday qarorlar ishlar muddati va ko‘lami aniqlangandan, shuningdek, ularning turli ijtimoiy-iqtisodiy jihatlar uchun nima anglatishini baholab olgandan keyingina qabul qilinishi kerak», — deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi mediakompaniya. Rinkevichsning ta’kidlashicha, bu mavzuda ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar hozircha «juda ko‘p his-tuyg‘u, lekin juda kam ratsionallik»ka ega.

Latviya rasmiy shaxslari mamlakatda aynan qaysi temiryo‘l uchastkalari olib tashlanishi mumkinligini aniq aytmagan. Biroq Latviyaning sharqida Rossiya tomon ikkita temiryo‘l koridori mavjud: Rezekne II – Zilupe liniyasi, u keyin chegarani kesib o‘tib Moskva tomon yo‘l oladi, shuningdek Rezekne II – Karsava liniyasi, u keyin Pskov tomonga chiqadi.

Latviya ichki ishlar vaziri Rixard Kozlovskis avvalroq bu liniyalar hozircha yuk tashish uchun ishlatilishi mumkinligini aytgan, ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan zarurat tug‘ilsa, ularni «kechiktirmasdan olib tashlashlari»ni ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Latviya temiryo‘l operatori Latvijas dzelzceļš o‘z faoliyatida Rossiya va Belarusda yaratilgan aloqa vositalari va dasturiy ta’minotdan foydalanadi, mamlakatdagi temiryo‘l izi kengligi esa Yevropa emas, balki Rossiya standarti — 1520 mmga mos. Qator ekspertlar oldinroq shunday xavotir bildirganki, aynan shu sababli tajovuz holatida Rossiya Latviya temiryo‘l infratuzilmasidan foydalanishi mumkin, shu bois mamlakat izlarni qayta qurishi lozim.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli hujumi fonida Moskva hokimiyati Boltiqbo‘yi mamlakatlariga nisbatan ritorikani yanada keskinlashtirdi, ularni u oldin ham «rusofobiya»da ayblab kelar edi. Eskalatsiyaning navbatdagi bosqichi Latviya hokimiyatining yashashga ruxsatnomasini uzaytirish talablarini bajarmagan rossiyaliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarori bo‘ldi. Asosiy talab — latish tili bo‘yicha imtihon edi.

Rossiya Davlat dumasida Riga joriy etgan til imtihoni «filtratsiya jarayoni» sifatida, shuningdek mamlakatdagi rusiyzabon aholining «asosiy huquq va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzish» va «insonparvarlikka zid talablar» deb ataldi. Shu bilan birga, 2024 yildan boshlab yashash uchun ruxsatnoma berish qoidalari ko‘rib chiqilgani fonida Latviyadan shunday hujjatlar bo‘yicha yashab kelgan 41 mingdan ortiq rossiyalikdan faqat taxminan 2000 nafarini chiqarib yuborishga qaror qilingan.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari istiqbolda RFning ehtimoliy hujumi tahdidini real deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, ular yaqin yillarda sharqiy chegara bo‘ylab yagona mudofaa chizig‘ini barpo etishni rejalashtirmoqda, unga bunkerlar tizimi, beton to‘siqlar va chegaraga yaqin hududlarni minalash kiradi.

Bundan tashqari, Latviya 2025 yilda RF fuqarolari uchun mamlakatga kirish qoidalarini umumiy ravishda qat’iylashtirdi. Bundan alohida ravishda strategik obektlar yaqinida uy-joyga ega bo‘lgan rossiyaliklar uchun mamlakatga kirish cheklandi. Shuningdek, iyul oyi o‘rtalariga kelib, Latviya Daniya, Chexiya, Estoniya, Fransiya va Islandiya singari Rossiyaning biometrik bo‘lmagan pasportlarini tan olmay qo‘ydi.

Mavzuga oid