Iqtisodiyot | 23:05 / 28.11.2025
19026
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Pullar nimaga ishlatilgan?

2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Davlat qarzining 36,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 7,2 mlrd dollari esa – ichki qarz. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 mlrd dollarga oshgan. O‘zbekistonning eng yirik kreditorlari – Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib qolyapti. Qarzning 63 foizi dollarda, 12 foizi so‘mda, 8 foizi yevroda jalb qilingan.

Foto: Reuters

2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 969 mln dollarni tashkil etdi. Davlat qarzining 36,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 7,2 mlrd dollari esa ichki qarz.

Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi esa 32,3 foizga yetgan.

Davlat tashqi qarzining umumiy qarzdagi ulushi – 84 foiz, ichki qarz ulushi esa –16 foiz. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha aholi jon boshiga davlat qarzi 1154 dollarni tashkil etdi.

Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?

Hisobot davri yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 47 foizi (17,4 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 16 foizi (5,8 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,2 mlrd dollar), 8 foizi (2,8 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

1 oktyabr holatiga davlat tashqi qarzining asosiy qismi quyidagi tashkilotlardan jalb qilingan:

  • Jahon banki — 8 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 7,5 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,8 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,7 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,1 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 1,2 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 932 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari — 740 mln dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 638 mln dollar;
  • Germaniya davlat banki — 491 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 426 mln dollar;
  • Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.

Tashqi qarzning valuta tarkibi quyidagicha: dollardagi kreditlar — 63 foiz, o‘zbek so‘midagi — 12 foiz, yevrodagi – 8 foiz, yapon iyenasidagi — 6 foiz, yuandagi — 2 foiz.

Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga quyidagicha izoh bergandi.

Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSh asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suv, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi”, – degandi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi kutilyapti. Shundan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Umumiy tashqi qarz – 72 mlrd dollar

Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ayni paytda O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollar, bu haqda yuqorida batafsil yozdik. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan sub’yektlar davlat kafolatisiz tashqi qarz olsa, bu xususiy tashqi qarz deya qayd etiladi. Shunday bo‘ls-ada, bunday «xususiy» qarzlarning katta qismi davlatga tegishli kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabank Xitoy banklaridan kredit olib, yangi binolar qurdi.

Agar O‘zbekistondagi davlat banki yoki korxonasi o‘z nomidan va davlatning rasmiy kafolatisiz qarz olsa, bu xususiy qarz hisoblanadi. Lekin bu qarz davlat banki tomonidan olinayotgani sababli uni “yarim davlat” yoki «kvazi-davlat» qarzi sifatida ham tasniflash mumkin, chunki qarz oluvchi – davlatga tegishli yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot. Bu qarz davlat qarziga kirmaydi, lekin davlatning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, davlat korxonasi olgan qarzini qoplashda qiyinchilikka duch kelgan paytda.

2025 yil birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning mana shu umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilyapti.

Mavzuga oid