Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Telefonning «qulog‘i» bor ekan: Ushakov va Uitkoff suhbatini kim tinglagan?
Bugun katta-katta mulozimlarning telefon suhbati katta-katta dunyo nashrlarida chiqib ketgani haqida gaplashamiz. Qaysidir shovvoz haker imkonini qilib butun boshli Tramp va Putinning ishongan mulozimlari telefonda gaplashganini eshitib, uni tarqatib yubordi. Va bu suhbat tafsilotlarini eshitsangiz, Vashington «Tramp tinchlik rejasi» deb taqdim etayotgan mantiqsiz reja qayerdan paydo bo‘lganini bilib olasiz.
«Menga qara, senga bir gap aytaman...»
Demak Bloomberg Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Vladimir Putin ma’muriyatidagi yuqori martabali mulozim Yuriy Ushakovning telefon suhbati tafsilotlarini e’lon qildi. Maqolada suhbat so‘zma-so‘z keltirilgan. Shuningdek, Bloomberg Ushakovning Kirill Dmitriyev bilan suhbati matnini ham tarqatdi.
Ushakov, Dmitriyev va Uitkoff kim ekanini ko‘pchiligingiz bilasiz, menimcha. Bilmaydiganlar uchun qisqacha tanishtirib ketsam. Ushakov – Putinning yordamchisi. Devondagi eng katta odamlardan biri. 10 yil Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan. Putin ma’muriyatida tashqi siyosat bo‘yicha mas’ul. Tushunishingiz uchun yana bir ma’lumot, tashqi siyosat masalasida Ushakov Lavrovdan teparoqda turadi, Putin Rossiya tashqi siyosatini yuritishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat qiladigan odam. Chinakam professional diplomat.
Stiven Uitkoff AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin sharq bo‘yicha maxsus vakili. Tramp Rossiya va Ukraina bo‘yicha alohida odam ham tayinlagan, lekin baribir do‘sti Uitkoffga ishonishda davom etmoqda. Uitkoff diplomatiya, byurokratiya «changini yutmagan», biznes odami, quruvchi, milliarder – xullas, Trampning odami.
Kirill Dmitriyev Kiyevda tug‘ilgan, Putin ma’muriyatiga rasman aloqasi yo‘q, lekin iqtisod yo‘nalishida kichikroq chinovnik. Kreml Dmitriyevdan urush bo‘yicha muzokaralarda «norasmiy vositachi sifatida» foydalanmoqda.
Bloomberg ana shu «jiddiy odamlarning» o‘zaro telefon suhbati matnini e’lon qildi. Qanday yozib olingani boshqa masala, muhimi bu suhbatlar bevosita «Tramp tinchlik rejasi» haqida.
Uitkoff va Ushakovning suhbati rossiyalik mulozimning amerikalik hamkasbini «G‘azodagi urush bo‘yicha kelishuvga erishgani bilan tabriklashidan» boshlanadi. Keyinroq, suhbat qizib olgandan keyin, Uitkoff «hujumga o‘tadi». Trampning maxsus vakili Putinning yordamchisiga «Putin Tramp bilan suhbat chog‘ida nimalar deyishi kerakligini» uqtiradi.
«Men qo‘ng‘iroq qilib, prezidentni bu yutuq bilan tabriklab, uni tinchlik odami sifatida hurmat qilishim, uning ishlari natijasidan xursandligimni aytgan bo‘lardim. O‘ylaymanki, shundan keyin suhbat yaxshi kechadi», degan Uitkoff.
Keyinroq Uitkoff Putin Trampga yana nimalar aytishi bo‘yicha ma’ruzani davom ettiradi: «Balki u (ya’ni Putin – tarj.) prezident Trampga shunday der: Stiv va Yura G‘azodagi kabi 20 bandlik rejaga o‘xshash rejani muhokama qilgan, bu vaziyatni o‘lik nuqtadan siljitishi mumkin».
Sizga suhbatda nimalar bo‘lganini yanada sodda tilda tushuntirishga harakat qilaman: Trampning odami Putinning odamiga telefon qilib Rossiya prezidenti AQSh prezidentiga yoqish uchun nimalar deyishi kerakligini uqtirgan. Meni ajablantirgani shuki, qanday qilib Putin bilan olti marta yuzma-yuz uchrashgan, bir necha soat suhbatlashgan, birga ovqatlangan odam u kimgadir yoqishni istaydi deb o‘ylashi mumkin?
Putinni faqat televizorda ko‘rgan millionlab odamlar biladiki, Rossiya prezidenti hech qachon hech kimga yaxshi ko‘rinishga intilmaydi. Chunki kuchsizlar kuchlilarga yaxshi ko‘rinishni istaydi, Putin dunyoda o‘zidan kuchli odam bor deb o‘ylamaydi.
«Reja» qanday paydo bo‘lgan?
«Tramp tinchlik rejasi» qanday paydo bo‘lgani esa Dmitriyev va Ushakovning o‘zaro suhbatida ayon bo‘ladi. Ushakov Dmitriyevga «nimanidir o‘sha yerga yuborgani, o‘sha yerda gaplashishini» aytadi. Keyin aynan tinchlik rejasi haqida gaplasha boshlashadi. Dmitriyev uni amerikaliklarga «norasmiy odam sifatida yetkazishini» aytadi, Ushakov esa «amerikaliklar bu Kreml tasdiqlagan loyiha deb o‘ylashmasmikin» deb xavotirlanadi. Dmitriyev hammasini o‘zining ta’biri bilan aytganda «akkuratnenko qilishga» so‘z beradi.
Endi bu suhbatni oddiy tilga tarjima qilsam: Kreml rasmiy vakili Kremlning norasmiy vakili orqali qanaqadir hujjatni amerikaliklarga sizdiradi. To‘g‘ri tushundingiz, AQSh prezidenti 27 noyabrda imzolanishini talab qilgan (aytgancha, dedlayn tugab bo‘ldi) hujjat Uitkoff, Dmitriyev va Ushakov o‘rtasidagi suhbatlarda paydo bo‘lgan. Zelenskiy esa bu Trampning oxirgi sharti deb o‘ylab xuddi kapitulyatsiya haqida e’lon qilayotganday chiqish qilib o‘tiribdi.
Kim tinglagan?
Endi bu suhbatlarni kim tinglab, OAVga sizdirgani haqida savolga javob izlab ko‘ramiz. Birinchi variant – ruslar, chunki suhbatlarda ikki rus mulozimi bor, Ushakov va Dmitriyevning o‘zaro suhbatini amerikaliklar yozib olgani biroz ishonchsiz. Ruslar bu suhbatlarni sizdirib qanday baraka topadi? Bilmadim.
Ikkinchi versiya – amerikaliklar. MRB istalgan odamning suhbatini eshita olishi tabiiy. Lekin amerikaliklar Uitkoffni sharmanda qilib bu suhbatlarni nega tarqatadi? Bilmadim. Va eng yaqin gumondor – Yevropa maxsus xizmatlari. Chunki bu sharmandalikni bitim imzolanishini istamagan odam sizdirishi haqiqatga yaqin. Yevropa Ukraina taslim bo‘lishiga teng kelishuv imzolanishini istamaydi.
Jiddiy gapiradigan bo‘lsak, bu suhbatlar shunchaki ayanchli. Uch odam amalda xo‘jayiniga yaxshi ko‘rinish uchun butun boshli mamlakat mustaqilligini o‘yin qilayotganini juda yaxshi bilgan. Lekin ularga buning umuman farqi yo‘q. Butun boshli mamlakat taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan kelishuv mana shunday nojiddiy, shaxsiy manfaat ko‘zlab o‘tkazilgan suhbatlarda yaralishi juda achinarli. Lekin endi bu bemaza kelishuv imzolanmasligi aniq bo‘ldi. Shunday ekan, «haker yigit o‘z ishini epladi».
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
19:38 / 03.12.2025
Moskvadagi muzokaralar: Uitkoff qisqichbaqali cheburek va pishloqli non yegan. Kreml boshqa narsalar haqida jim
08:25 / 03.12.2025
Kreml: Putin va Uitkoff Ukraina bo‘yicha murosaga erisha olmadi
12:32 / 28.11.2025
Putin: dekabr boshida Moskvaga AQSh delegatsiyasi keladi
20:27 / 26.11.2025