Bugun katta-katta mulozimlarning telefon suhbati katta-katta dunyo nashrlarida chiqib ketgani haqida gaplashamiz. Qaysidir shovvoz haker imkonini qilib butun boshli Tramp va Putinning ishongan mulozimlari telefonda gaplashganini eshitib, uni tarqatib yubordi. Va bu suhbat tafsilotlarini eshitsangiz, Vashington «Tramp tinchlik rejasi» deb taqdim etayotgan mantiqsiz reja qayerdan paydo bo‘lganini bilib olasiz.

«Menga qara, senga bir gap aytaman...»

Demak Bloomberg Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Vladimir Putin ma’muriyatidagi yuqori martabali mulozim Yuriy Ushakovning telefon suhbati tafsilotlarini e’lon qildi. Maqolada suhbat so‘zma-so‘z keltirilgan. Shuningdek, Bloomberg Ushakovning Kirill Dmitriyev bilan suhbati matnini ham tarqatdi.

Ushakov, Dmitriyev va Uitkoff kim ekanini ko‘pchiligingiz bilasiz, menimcha. Bilmaydiganlar uchun qisqacha tanishtirib ketsam. Ushakov – Putinning yordamchisi. Devondagi eng katta odamlardan biri. 10 yil Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan. Putin ma’muriyatida tashqi siyosat bo‘yicha mas’ul. Tushunishingiz uchun yana bir ma’lumot, tashqi siyosat masalasida Ushakov Lavrovdan teparoqda turadi, Putin Rossiya tashqi siyosatini yuritishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat qiladigan odam. Chinakam professional diplomat.

Stiven Uitkoff AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin sharq bo‘yicha maxsus vakili. Tramp Rossiya va Ukraina bo‘yicha alohida odam ham tayinlagan, lekin baribir do‘sti Uitkoffga ishonishda davom etmoqda. Uitkoff diplomatiya, byurokratiya «changini yutmagan», biznes odami, quruvchi, milliarder – xullas, Trampning odami.

Kirill Dmitriyev Kiyevda tug‘ilgan, Putin ma’muriyatiga rasman aloqasi yo‘q, lekin iqtisod yo‘nalishida kichikroq chinovnik. Kreml Dmitriyevdan urush bo‘yicha muzokaralarda «norasmiy vositachi sifatida» foydalanmoqda.

Bloomberg ana shu «jiddiy odamlarning» o‘zaro telefon suhbati matnini e’lon qildi. Qanday yozib olingani boshqa masala, muhimi bu suhbatlar bevosita «Tramp tinchlik rejasi» haqida.

Uitkoff va Ushakovning suhbati rossiyalik mulozimning amerikalik hamkasbini «G‘azodagi urush bo‘yicha kelishuvga erishgani bilan tabriklashidan» boshlanadi. Keyinroq, suhbat qizib olgandan keyin, Uitkoff «hujumga o‘tadi». Trampning maxsus vakili Putinning yordamchisiga «Putin Tramp bilan suhbat chog‘ida nimalar deyishi kerakligini» uqtiradi.

«Men qo‘ng‘iroq qilib, prezidentni bu yutuq bilan tabriklab, uni tinchlik odami sifatida hurmat qilishim, uning ishlari natijasidan xursandligimni aytgan bo‘lardim. O‘ylaymanki, shundan keyin suhbat yaxshi kechadi», degan Uitkoff.