Jahon | 08:10
2479
3 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff: Tinchlikka erishish uchun bitta hal qiluvchi savol qoldi

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yakun yasash bo‘yicha muzokaralarda “sezilarli ilgarilash”ga erishilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu muzokaralar “bitta masala”ni hal qilishga kelib qolgan. U bu haqda payshanba kuni, 22 yanvarda Shveytsariyaning Davos shahridan Moskvaga uchib ketishidan oldin bildirdi. Moskvada u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Foto: REUTERS

“Menimcha, biz hammasini bitta masalaga keltirib qo‘ydik. Uni hal qilishning turli variantlarini muhokama qildik, demak bu hal bo‘ladigan ish. Shunday ekan, agar har ikki tomon bu muammoni hal qilishni istasa, biz buni qilamiz”, — deya AFP agentligi Uitkoffning Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da aytgan so‘zlarini keltiradi. U qaysi masala haqida gap ketayotganini aniqlashtirmagan.

Avvalroq Uitkoff AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan birga Putin bilan uchrashish uchun 22 yanvar kechqurun Moskvaga uchib ketishini ma’lum qilgan edi. Trampning maxsus vakili aytishicha, ular Rossiya poytaxtiga “tun yarmiga yaqin” yetib keladi, Putin bilan uchrashuvdan keyin esa Amerika delegatsiyasi ishchi guruhlar doirasidagi keyingi muzokaralar uchun BAAga yo‘l oladi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aniqlashtirishicha, Uitkoff va Kushnerning Putin bilan uchrashuvi “kechki soat yetti-sakkizdan keyin” bo‘lib o‘tadi. “Suhbat Ukraina bo‘yicha tartibga solish mavzusi va boshqa masalalar bo‘yicha davom etadi”, — deya “Interfaks” agentligi Peskovning so‘zlarini keltiradi.

Undan Uitkoffning Ukraina bo‘yicha tartibga solish masalasidagi optimizmini bo‘lishadimi, deb so‘ralganda, Putin matbuot kotibi Rossiya tomoni “ayniqsa Uitkoffning Moskvaga kelishi va uning Putin bilan uchrashuvi arafasida muzokaralarning joriy bosqichini sharhlashni istamasligi”ni aytgan. Shu bilan birga, Peskov Rossiya AQShning “sa’y-harakatlari va samaradorligi”ni qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.

22 yanvar tongida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Davosga yetib keldi. Bir kun oldin Tramp JIFdagi chiqishi vaqtida ukrain rahbari bilan Davosda uchrashish niyati borligini aytgan edi. Ukrainadagi “Yevropeyskaya pravda” gazetasi prezident matbuot xizmatiga tayanib xabar qilishicha, ikki rahbar uchrashuvi mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da bo‘lishi kutilgandi, soat 14:30 da esa Zelenskiyning asosiy ma’ruzasi belgilangandi.

Zelenskiyning o‘zi 20 yanvar kuni Shveytsariyaga faqat AQSh bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjatlar, shuningdek “farovonlik rejasi” (Ukrainani urushdan keyin tiklash rejasi) imzolansagina borishini aytgan edi. U buni Kiyev va mamlakatning boshqa hududlariga Rossiyaning navbatdagi ommaviy hujumi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligi bilan izohlagan.

Mavzuga oid