Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi: Yevroparlament o‘z talablarini qo‘ydi
Yevroparlament bayonotiga ko‘ra, Ukraina bo‘yicha har qanday tinchlik muzokaralarining asosida xalqaro huquqqa tayanadigan va Ukraina hamda butun Yevropaning xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan Yevropa tinchlik strategiyasi bo‘lishi kerak.
Foto: AFP
Yevroparlament "Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishda YeIning taklif etilgan rejaga munosabati va ishtiroki" nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat uchun 27 noyabr, payshanba kuni 401 Yevroparlament deputati "ha" deb ovoz berdi, 70 nafar deputat qarshi chiqdi, 90 nafari betaraf qoldi.
Yevroparparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlarini Yevropada xavfsizlik uchun yuqoriroq mas’uliyatni zimmasiga olishga, Ukrainani yanada faol ravishda qo‘llab-quvvatlashga hamda barqaror tinchlikka erishish jarayonida iloji boricha faol ishtirok etishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, "ushbu hal qiluvchi geosiyosiy paytda" YeI va uning a’zolari yetakchilik ko‘rsatishi, AQSh va sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishi kerak. Shundagina "Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlik muzokaralari xalqaro huquq tamoyillariga asoslanadi, vijdonan olib boriladi va urushni to‘liq tugatishga qaratilgan bo‘ladi".
Rossiya "tinchlikka erishishdan manfaatdor emas va Ukraina fuqarolik aholisi hamda infratuzilmasiga zarbalar berishni davom ettirmoqda". Shu bilan birga, Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha Vashington tashabbusi "AQShning xalqaro huquq, Yevropa va Ukraina xavfsizligiga sodiqligi borasida asosli xavotirlar uyg‘otdi", deb hisoblaydi deputatlar.
Yevroparlament fikricha, "AQShning Ukrainaga nisbatan noto‘liq, ikki ma’noli siyosati barqaror tinchlikka erishishga to‘sqinlik qilmoqda". Shu bilan birga, u "transatlantik hamjamiyatning siyosiy, harbiy va iqtisodiy salmog‘i bilan qo‘llab-quvvatlangan "haqiqiy muzokaralar" Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlashi mumkin", deb hisoblaydi.
Yevropa tinchlik strategiyasi xalqaro huquqqa tayanish, Yevropaning xavfsizligini mustahkamlash, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini kafolatlash, Ukraina va uning xalqi uchun qabul qilinadigan bo‘lishi kerak. Yevroparlamentga ko‘ra, aynan shu strategiya keyingi har qanday tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi zarur.
"Tinchlikka agressorga imtiyoz berish orqali emas, balki Ukrainani qat’iy va uzluksiz qo‘llab-quvvatlash va Rossiyani kelgusi agressiyadan tiyib turishning yetarli choralari orqali erishish mumkin", — deyiladi rezolyutsiyada.
Yevroparlament ta’kidlashicha, "Rossiya tomonidan avval tuzilgan majburiy xalqaro shartnomalar ko‘p bor qo‘pol ravishda buzilgani"dan kelib chiqib, har qanday tinchlik kelishuvi otishmalarni to‘xtatishdan boshlanishi va majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlovchi samarali nazorat choralari bilan mustahkamlanishi kerak.
Bundan tashqari, Ukrainaga Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlari yangi agressiyaning oldini olishi lozim. Front chizig‘i — ya’ni tomonlar to‘qnashuv chizig‘i ikki tomonida ham BMT Xavfsizlik Kengashi mandatiga ega xalqaro tinchlikparvar va kuzatuv missiyasi joylashtirilishi kerak, deb hisoblaydi Yevroparlament.
Tinchlik shartnomasining majburiy bandlaridan biri Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan hududidan barcha Rossiya qo‘shinlarini chiqarish bo‘lishi kerak. Yevrodeputatlar ta’kidlashicha, Ukraina hududining vaqtincha okkupatsiya qilingan qismi YeI va uning a’zo mamlakatlari tomonidan Rossiya hududi sifatida hech qachon huquqiy jihatdan tan olinmaydi.
Har qanday tinchlik kelishuvi Rossiyani Ukrainaga yetkazilgan moddiy va nomoddiy zararni to‘liq qoplash majburiyatini o‘z ichiga olishi lozim. Shuningdek, Rossiya va uning ittifoqchilari tomonidan Ukrainaga qarshi sodir etilgan agressiya jinoyati va harbiy jinoyatlar uchun Xalqaro jinoiy sud va agressiya jinoyati bo‘yicha maxsus tribunal oldida to‘liq javobgarlik ta’minlanishi kerak, deb hisoblaydi yevrodeputatlar.
Bundan tashqari, tinchlik kelishuvi barcha harbiy asirlar, rossiyaliklar tomonidan noqonuniy tarzda ushlab turilgan Ukraina fuqarolari va o‘g‘irlab ketilgan Ukraina bolalarini qaytarishni ta’minlashi shart. Rossiya bilan tuziladigan har qanday kelishuv YeI va uning sheriklariga, jumladan Ukrainaga qarshi olib borilayotgan gibrid urushni darhol to‘xtatish majburiyatini ham o‘z ichiga olishi kerak, deyiladi hujjatda.
Yevrodeputatlar ta’kidlashicha, tinchlik kelishuvi tuzilib, amalga oshirilmaguncha Rossiyaga qarshi joriy etilgan hech qanday sanksiya bekor qilinmasligi kerak. Agar Moskva jiddiy tinchlik muzokaralariga qo‘shilishdan bosh torsa, qo‘shimcha qattiq cheklov choralarini joriy etish lozim.
Yevroparlament shuningdek, Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bilan kafolatlangan "reparatsion kredit"ni imkoni boricha tezroq to‘lash tarafdori ekanini bildirdi. Shu bilan birga, ushbu aktivlarning taqdiri va ularni investitsiya qilish shartlari YeI ishtirokisiz muhokama qilinishi mumkin emasligini alohida qayd etildi.
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025