Jahon | 11:22 / 28.11.2025
2088
5 daqiqa o‘qiladi

WSJ: urush holatida NATO sharqqa 800 ming askarni ko‘chiradi

Rossiya bilan urush kelib chiqqan taqdirda NATOning 800 ming askari front chizig‘i tomon sharqqa ko‘chirilishi kerak, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ) Germaniya mudofaasi bo‘yicha OPLAN DEU nomli operatsiyaviy rejaga tayanib. Qo‘shinlar GFR hududini kesib o‘tishi lozim bo‘ladi.

Foto: AP

Rossiya bilan urush yuz bergan taqdirda NATO tarkibidagi germaniyalik, amerikalik va boshqa harbiy xizmatchilardan iborat 800 ming qo‘shin sharqqa, front chizig‘i tomon ko‘chirilishi lozim. Bu haqda 1200 betdan iborat «Germaniya operativ rejasi» (qisqacha OPLAN DEU) deb nomlangan hujjatga tayanib, 27 noyabr, chorshanba kuni The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.

Ushbu hujjat bundesverning hududiy mudofaa shtabi boshlig‘i, general-leytenant Andre Bodeman rahbarligidagi mualliflar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan, u bir vaqtlar Kosovo va Afg‘onistonda vazifalar bajargan.

Brandenburg jamiyat va xavfsizlik instituti direktori Tim Shtuxtay ta’kidlashicha, Rossiya bilan to‘qnashuv qayerdan boshlanishidan qat’i nazar, Shimoliy Atlantika ittifoqi (NATO) qo‘shinlari baribir Germaniya hududini kesib o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Berlin baholariga ko‘ra, Germaniyadagi avtomagistrallarning 20 foizi va ular ustidagi ko‘priklarning chorakdan ko‘prog‘iga uzoq yillik moliya yetishmasligi sharoitida ta’mirlash talab etiladi. GFRning Shimoliy va Boltiq dengizi sohilidagi portlarini ta’mirlash uchun taxminan 15 mlrd yevro kerak, shundan 3 mlrd yevro ikkilamchi (fuqaro–harbiy) maqsadlarda foydalaniladigan infratuzilmani, jumladan doklarni modernizatsiya qilishga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Uzoq muddatli istiqbolda Berlin 2029 yilgacha infratuzilma loyihalariga 166 mlrd yevro sarflashni rejalashtirmoqda. Bu mablag‘ning 100 mlrd yevrodan ortig‘i temiryo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, bunda avvalo ikkilamchi maqsadda foydalaniladigan obektlarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Shu fonda bundesver kasalxonalar, politsiya va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha agentliklarda brifinglar o‘tkazmoqda, federal yerlar va avtomagistral operatorlari bilan shartnomalar tuzmoqda, shuningdek harbiy kolonnalar uchun tranzit yo‘nalishlarini belgilab chiqmoqda, deb yozadi WSJ.

OPLAN DEU ustida ish 2023 yil mart oyida boshlangan. Bu — «sovuq urush» davridan beri GFR xavfsizligini ta’minlash va harbiy hujumlardan himoya qilish bo‘yicha birinchi keng qamrovli reja. General Bodeman ta’kidlashicha, Germaniyaning muhim infratuzilmasi — portlar, ko‘priklar, energetika korxonalari diversiyalar, jumladan, ehtimol, Rossiya maxsus kuchlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hujumlar tahdidi ostida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, GFRning vazifasi — logistik habga aylanish, NATO qo‘shinlarini ta’minlash uchun himoyalangan ta’minot yo‘llarini yo‘lga qo‘yish. Bu orada esa bundesver qo‘shinlarining salmoqli qismi taranglik kuchaygan taqdirda mojaro hududiga ko‘chirilishi kerak bo‘ladi.

Bundesver rejasida Germaniya milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi to‘rtta asosiy turdagi xavf ajratib ko‘rsatilgan: hokimiyat qarorlari, jamoat fikri va OAVga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan dezinformatsiya, energetika, telekommunikatsiya va boshqa tanqidiy ahamiyatga ega korxonalarga nisbatan kiberhujumlar, josuslik, diversiyalar.

«Biz urush holatida emasmiz, lekin ancha vaqtdan beri tinchlik holatida ham emasmiz», — deb xulosa qildi general-leytenant Andre Bodeman.

Joriy yil noyabr boshlarida bundesver operatsiyaviy qo‘mondonligini boshqarayotgan general-leytenant Aleksander Zollfrank Reuters agentligiga bergan intervyusida, agar Rossiya qayta qurollanishni davom ettirsa, 2029 yilga borib NATOga qarshi katta hujum uyushtirish salohiyatiga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Rossiya hozir nimalarga ega va bu bilan nima qila olishi mumkin — shularni hisobga olish lozim», — dedi Zollfrank. «Shundan kelib chiqqan holda, Rossiya NATO hududiga kichik ko‘lamda bo‘lsa-da, ertagayoq zarba berishga qodir, deb aytish mumkin», — deb qo‘shimcha qildi u.

Uning ta’kidlashicha, Moskva qariyb 20 yildan buyon Yevropadagi xavfsizlik arxitekturasini o‘zgartirishga qaratilgan strategik kursni amalga oshirib kelmoqda va Ukrainaga qarshi urushda ulkan yo‘qotishlarga qaramay, shu yo‘ldan chekinmayapti. NATO bunga faqat “aniq qizil chiziqlar”ni belgilash va yaxshi tayyorgarlik orqali raqibni tiyib turish yo‘li bilan qarshi turishi mumkin, deb hisoblaydi bundesver generali.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid