Sport | 20:50 / 29.11.2025
5338
3 daqiqa o‘qiladi

Hamma narsaga ijobiy baho berishni ukrainaliklardan o‘rgandim - Arda Turon

«Shaxtyor»ning turkiyalik bosh murabbiyi urush sharoitida ukrainaliklarning matonatiga qoyil qolishini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Ukrainaning «Shaxtyor» klubi bosh murabbiyi Arda Turon Konferensiyalar Ligasidan o‘rin olgan Irlandiyaning «Shemrok Rovers» (2:1) klubiga qarshi Dublinda o‘tkazilgan o‘yindan keyin o‘z fikrlarini aytdi.

Turkiyalik mutaxassis Irlandiyaga yetib olish uchun jamoa juda ko‘p vaqtini yo‘lda o‘tkazganini ta’kidladi.

«Negativ gapirmoqchi emasman, futbolchilarimga minnatdorlik bildiraman. Bu yerga 16 soat yo‘l bosib keldik. Sharoit yaxshi bo‘lsa-da, 16 soatlik yo‘l oson emas. Samolyotdan tushib faqat tiklanish mashg‘ulotini o‘tkazdik. Chunki uzoq vaqt yo‘l bosib o‘tilganidan keyin to‘laqonli mashg‘ulot o‘tkazish deyarli ilojsiz», dedi u.

Arda Turon qiyin vaziyatlarda ukrainaliklardan o‘rnak olishini, og‘ir vaziyatlarda ijobiy fikrlashni ulardan o‘rganganini ta’kidladi.

«Boshqa tomondan olib qarasak, hamma narsaga ijobiy baho berishga harakat qilaman. Buni kimdan o‘rganganimni aytaymi? Ukrainaliklardan. Men u yerga boraman, bombalar yog‘iladi, ular esa xotirjam: «Xo‘p, bu shunchaki raketa», deydi. Ular uchun dron muammo emas, kecha shunga duch keldik. Ularni juda hurmat qilaman, negativ tomonlar juda ko‘p, yuzlab topiladi. Ammo ijobiy nazar solamiz. Va yana dunyo yetakchilariga murojaat qilmoqchiman. Bilmadim, balki Tramp, balki Putin yoki Erdo‘g‘an yoki Zelenskiyga. Hozir bolalarga juda og‘ir, ular urush nima ekanini o‘ylayaptimi? Ular Mars yoki boshqa narsalar haqida o‘ylashi mumkin edi. Lekin hozir urushning vaqti emas. Agar Kiyevda loaqal bir tunni o‘tkazsangiz, shunda futbol haqida gapira olasiz. Bu odamlar shularning barchasidan o‘tadi. Ularni juda hurmat qilaman, ukrainaliklarni yaxshi ko‘raman. Futbolchilarimni ham yaxshi ko‘raman, g‘alaba qozonsa ham, yutqazsa ham. Bu menga muammo emas. Ukrainaliklar men uchun oilamdek bo‘lib qolganini his qilyapman. Bu men uchun juda hissiyotli», dedi Arda Turon.

«Shaxtyor» klubi Konferensiyalar Ligasida 4 o‘yindan keyin 9 ochko jamg‘arib, peshqadamlar safida bormoqda.

38 yoshli Turon 2025 yil may oyidan beri «Shaxtyor» klubiga murabbiylik qilmoqda. O‘tmishda u «Galatasaroy», «Atletiko Madrid» va «Barselona» kabi klublarda to‘p tepgan. Turkiya milliy jamoasi safida 100 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urgan.

Mavzuga oid