O‘zbekiston | 23:06 / 29.11.2025
7416
6 daqiqa o‘qiladi

Mobil operatorlar narxlarni oshirmoqda. Soliq imtiyozi kamlik qildimi?

2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari aksiz solig‘idan ozod qilingan edi. Soliq yuki sezilarli kamayganiga qaramay, kompaniyalar narxni oshirishdan to‘xtamayapti. E’tirozlar fonida Raqobat qo‘mitasi tekshiruv boshladi. Mijozlar keraksiz xizmatlarga majburlashni to‘xtatish va limiti kam bo‘lsa-da arzonroq tariflar ham bo‘lishi kerakligini aytmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Noyabr oyi o‘rtalarida O‘zbekistondagi bir nechta yirik uyali aloqa kompaniyalari 1 dekabrdan e’tiboran tariflar qimmatlashishini ma’lum qildi, bu esa jamoatchilik orasida e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Operatorlar bayonotiga ko‘ra, narxlarni ko‘tarish – “xizmat sifatini yaxshilash” va “tarmoqni kengaytirish” uchun zarurati bilan bog‘liq.

Foydalanuvchilar esa amaldagi tarif narxlarining o‘zi ham ko‘rsatilayotgan aloqa va internet sifati bilan mos emasligini ta’kidlab, tanqidiy izohlar qoldirgan.

Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi o‘rganish ishlarini boshladi. Agar kompaniyalar o‘zaro kelishgan holda narx oshirayotganiga ishora qiluvchi alomatlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi.

Mazkur xabarlar fonida Kun.uz'ga ham iste’molchilar o‘z talablarini aks ettirgan holda ko‘plab murojaatlar yubordi. Ularda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalar haqida to‘xtalamiz.

Arzon ta’riflar kerak

Ayni paytda eng ommabop kompaniyalarda mavjud tarifingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, eng arzon takliflar 35-60 ming so‘mdan boshlanadi. Kompaniyalarning ayrimlarida arzonroq variantlar ham yo‘q emas, lekin buning uchun siz imtiyozli toifadagi fuqaro bo‘lishingiz yoki yangi sim-karta xarid qilishingiz kerak. Murojaatchilar esa xohlagan paytda ulanish imkoni bo‘ladigan 15-20 ming so‘mlik bazaviy ta’rif rejalar bo‘lishi zarurligini aytmoqda.

“Men 6 yildan beri UzMobile sim-karta ishlataman. Ayni paytdagi ta’rif rejam – Mobile Mini. Oyiga 45 ming so‘m to‘layman. Shu bilan birga, Uztelecom'ning Wi-Fi xizmatini ham uyimga ulaganman. Majburman, chunki mobil internet sifati juda yomon. WiFi uchun oyiga 150 ming so‘m to‘layman. Bir muddat oldin narxlar oshdi, oldin 132 ming so‘m edi. Ishxonada ham Wi-Fi bor, shu sabab mobil internet trafik deyarli sarflanmaydi. Tarif reja orqali menga taqdim etilgan umumiy limitlarning 10 foizidan ham foydalanmayman, imkon bo‘lganda 10-15 ming so‘mlik arzonroq tarifga o‘tgan bo‘lardim”, deydi murojaatchi.

Qo‘shimcha pulli xizmatlar

Murojaatchilar jiddiy e’tiroz bildirayotgan jihatlardan yana biri – kompaniyalar pulli “ko‘ngilochar” xizmatlarga abonentni uning roziligisiz ulab qo‘yishi bilan bog‘liq. “Sizdan so‘ramay yoqib qo‘yishadi, SMS'ga kirib o‘qib ko‘rsangiz, ko‘rdingiz, bo‘lmasa kuniga 2 ming so‘mdan hisobingizdan pul yechaveradi. Qip-qizil o‘g‘rilik”, deya post qoldirgan iste’molchilardan biri o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Boshqa bir mijoz ham xuddi shunday xizmatlar bir necha marta o‘chirtirishiga qaramay, yana yonib qolaverganidan norozi bo‘lgan.

Kun.uz bilan bog‘langan yana bir vatandosh mobil internetdan foydalanayotgan paytida ekranda spam, reklama bannerlari paydo bo‘lishi, ularni o‘chirish uchun X tugmasini bosgan paytida esa sim kartasiga SMS kelayotgani haqida yozgan. Unda qandaydir kontent xizmatiga ulanish haqida xabar bo‘lgani, detalizatsiyada esa 499 so‘mdan 2999 so‘mgacha mablag‘ yechib olinayotgani qayd etilgan.

Cheksiz aloqa, 50 GB internet, 1000 ta SMS

Oxirgi paytlarda mobil aloqa kompaniyalari megabayt, SMS va daqiqalarni oshirayotgani vaji bilan narxlarni qimmatlatishga o‘tib oldi. Iste’molchilarning bir qismi buni foydalanilmaydigan xizmatga majburlash sifatida baholayapti.

Oyiga 10 ta ham SMS yozmaydigan, jami 3 soatdan ko‘p gaplashmaydigan, taqdim etilgan internet trafikning yarmini ham ishlatmaydigan qatlam bunday harakatlardan norozi.

Soliq yukining kamayishi

O‘zbekistonda mobil aloqa uchun aksiz solig‘i 2020 yilgacha 20 foiz edi, keyin 15 foizga pasaytirildi. 2022 yildan boshlab soliq stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushirildi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab esa aksiz solig‘i butunlay bekor qilindi.

Natijada 2025 yilning dastlabki 9 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Uztelecom 20 foiz, Unitel 49 foiz, COSCOM 30 foiz, UMS qariyb 45 foiz kamroq soliq to‘ladi.

Ya’ni operatorlarga sezilarli yengillik taqdim etildi. Shundan kelib chiqilsa, imtiyozlar mahsulot yoki xizmat narxlari barqarorlashishiga yoki narx pasayishiga olib kelishi kerak. Amalda bu qoida O‘zbekistondagi mobil aloqachilar bilan ishlamayapti.

Mavzuga oid