O‘zbekiston | 09:43 / 29.11.2025
63710
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik olimlar yoqilg‘isiz “yashil issiqxona” texnologiyasini yaratdi

O‘zFA Materialshunoslik instituti olimlari issiqxonalarni hech qanday yoqilg‘i ishlatmasdan, chiqindi gazlarsiz isitish va yozda esa sovitgan holda ushlab turish imkonini beradigan “aqlli” plyonka texnologiyasini ishlab chiqdi. Sinovlarga ko‘ra, yangi plyonka qo‘llangan issiqxonalarda energiya sarfi 60–80 foizgacha kamayadi, hosildorlik 35–50 foizgacha oshadi.

O‘zFA ma’lumotiga ko‘ra, yangi texnologiya issiqxona plyonkalariga maxsus nanokompozit zarrachalarni joylashtirishga asoslangan. Ushbu zarrachalar quyosh nurining kuchli ultrabinafsha qismini so‘rib, uni yumshoq infraqizil nurga aylantiradi. Natijada infraqizil nur tuproq va havoni samarali isitadi hamda issiqxona ichidagi haroratni avtomatik ravishda tartibga solishga yordam beradi.

Issiqxonalarda o‘tkazilgan tajribalar quyidagi natijalarni ko‘rsatgan:

  • tashqi havo harorati –3…–7 °C bo‘lgan sharoitda ham yangi plyonka qoplangan issiqxona ichidagi harorat barqaror +5…+7 °C darajani tashkil etgan (oddiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich odatda 0…+2 °C atrofida);
  • qish faslida qo‘shimcha isitish uskunalarisiz yoki minimal isitish bilan ishlash imkoniyati vujudga keladi;
  • yozda esa aksincha, issiqxona ichidagi harorat 6–9 °C ga pastroq bo‘lib, o‘simliklarni ortiqcha qizib ketishdan himoya qiladi va stress holatini kamaytiradi.

Kuchaytirilgan infraqizil nur oqimi hisobiga fotosintez jarayoni tezlashadi, o‘simliklar esa 1,5–2 baravar tezroq o‘sishi kuzatilgan. Sinov natijalariga ko‘ra:

  • isitish uchun energiya sarfi (gaz, ko‘mir, mazut va boshqalar) 60–80 foizdan ortiq qisqaradi;
  • issiqxona xo‘jaligida yoqilg‘i yoqilishi bilan bog‘liq ifloslantiruvchi gazlar atmosferaga deyarli chiqmaydi;
  • hosildorlik 35–50 foizgacha oshadi;
  • sug‘orish suvi sarfi o‘rtacha 30 foizga, maxsus gidrogellar qo‘llanganida esa 90 foizgacha kamayadi;
  • plyonkalarning mustahkamligi taxminan 3 baravar oshib, ularning xizmat muddati uzayadi va plastik chiqindilar miqdori kamayadi.

Olimlar ta’kidlashicha, mazkur ishlanma amalda issiqxonalar uchun “yashil issiqlik” konsepsiyasini amalga oshiradi: energiya an’anaviy quvurlar yoki tutun trubalaridan emas, balki quyosh nurlaridan olinadi. O‘zFA xabarnomasida qayd etilishicha, texnologiyani mahalliy issiqxona xo‘jaliklariga joriy etish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror va ekologik toza sharoitda yetishtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Mavzuga oid