Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml Vashington bilan qo‘shma biznes bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormoqda
Oq uyga bu g‘oya ma’qul, deb yozadi The Wall Street Journal.
Vyacheslav Prokofev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va RF prezidenti vakili Kirill Dmitriyev 2025 yil fevralidan buyon Rossiya-Ukraina urushini hal qilish bo‘yicha norasmiy muzokaralar olib bormoqda. Shu bilan birga, Rossiya tomoni bu muzokaralarda «biznes orqali tinchlik»ning kengaytirilgan konsepsiyasini ilgari surmoqda, bu esa Oq uy va Amerika kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otdi, deb yozadi The Wall Street Journal.
Dmitriyevning strategiyasi Rossiyani AQSh uchun harbiy tahdid sifatida emas, balki «ulkan imkoniyatlar mamlakati» va Amerika investitsiyalari uchun maydon sifatida ko‘rsatishdan iborat, deb yozadi o‘nlab tadbirkorlar va rasmiylar bilan suhbatlashgan nashr.
Amalda tomonlar xususiy tartibda Rossiya iqtisodiyotini qutqarish bo‘yicha ikki trillion dollarlik reja ishlab chiqmoqda. Shu bilan birga, Amerika kompaniyalari Yevropadagi raqobatchilarini ortda qoldirib, birinchi bo‘lib dividendlarni qo‘lga kiritadi, deya ta’kidlaydi WSJ.
Xususan, Dmitriyev Amerika kompaniyalari Rossiya Markaziy bankining Yevropada muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlarini qo‘shma investitsiya loyihalari va Ukrainani urushdan keyingi tiklash uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan rejani ilgari surdi. U Amerika va Rossiya kompaniyalariga Arktika konlarini birgalikda o‘zlashtirishni, shuningdek, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan Marsga qo‘shma missiyani amalga oshirishni taklif qilgan.
WSJ jurnalistlari aniqlashicha, Amerikaning ko‘plab xususiy kompaniyalari alaqachon rossiyalik hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormoqda. Ular tinchlik sulhi tuzilishi va Rossiyadan sanksiyalar olib tashlanishi bilanoq harakatni boshlashi mumkin.
- Xususan, 2025 yil yozida ExxonMobil va «Rosneft» Dohada Amerika kompaniyasini «Saxalin-1» neft-gaz loyihasiga qaytarish rejalarini muhokama qilgan;
- Xuddi shu Exxon va milliarder, Eldridge Industries rahbari Todd Boeli «Lukoyl»ning Amerika sanksiyalari tufayli sotuvga qo‘yishga majbur bo‘lgan xorijdagi aktivlarini sotib olishga qiziqish bildirgan;
- Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi homiylaridan biri va uning o‘g‘lining universitet davridan do‘sti Jyentri Bich «Arktik SPG» loyihasida ishtirok etish uchun «Novatek» bilan muzokaralar olib bormoqda;
- Elliott Investment Management Rossiya gazi Yevropaga yetkazib beriladigan «Turk oqimi» quvuridagi ulushni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqqan;
- Kremlga aloqador milliarderlar Yuriy Kovalchuk va aka-uka Rotenberglar amerikaliklarga Oxota dengizida gaz qazib olish, shuningdek, Sibirda nodir metallarni qazib olish uchun konsessiya taklif qilishgan.
Stiv Uitkoff WSJ bilan suhbatda yakunda Rossiya, Ukraina va AQSh ish bo‘yicha hamkorlarga aylanishiga umid bildirgan.
«Rossiyada juda ko‘p resurslar, ulkan hududlar bor. Agar biz bularning barchasini amalga oshirsak, hamma ishtirok etsa va bu hammaga foyda keltirsa, bu kelajakdagi mojarolardan himoya bo‘ladi. Chunki hamma gullab-yashnaydi», – deya xulosa qilgan Trampning maxsus vakili.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida matbuotda Trampning Rossiya-Ukraina urushini hal qilish bo‘yicha tinchlik rejasi paydo bo‘lgandi. OAV aniqlashicha, uning mualliflari –Rossiya prezidenti vakili Kirill Dmitriyev, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning sobiq maslahatchisi, uning kuyovi Jared Kushner. Dastlab hujjat 28 banddan iborat edi. Unda Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlarini Ukrainani tiklash dasturlariga yo‘naltirish va AQShga ushbu operatsiyadan 50 foiz foyda olishi haqida band ham ko‘rsatilgandi.
Keyinroq AQSh va Ukraina vakillari Jyenevada muzokaralar o‘tkazdi, uning yakunlariga ko‘ra, reja 19 bandgacha qisqardi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, undan Kiyev uchun eng og‘riqli bandlar – hududlar, Ukraina qurolli kuchlari miqdori va Ukrainaning NATO bilan kelgusidagi munosabatlari haqidagilari olib tashlangan. Bloomberg versiyasiga ko‘ra, yangilangan versiyada AQSh investitsiyalari va Markaziy bankning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish to‘g‘risidagi band ham tushib qolgan.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
19:38 / 03.12.2025
Moskvadagi muzokaralar: Uitkoff qisqichbaqali cheburek va pishloqli non yegan. Kreml boshqa narsalar haqida jim
00:49 / 01.12.2025
Uitkoff Putin bilan qachon uchrashishini ma’lum qildi
13:11 / 30.11.2025