Jahon | 11:39 / 01.12.2025
2265
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Suriya qo‘shma operatsiyasi: IShID qurol omborlariga zarbalar berildi

Amerika harbiylari ma’lum qilishicha, ular suriyalik hamkasblari bilan birga Suriyada IShID terrorchi tashkilotiga tegishli yashirin qurol omborlariga havodan va quruqlikdan zarbalar bergan. U yerda, jumladan, 130 dan ortiq minomyot va raketalar saqlangani aytilmoqda.

Foto: Darko Bandic/AP

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, 24–27 noyabr kunlari CENTCOM kuchlari va Suriya ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari birgalikda Suriya janubida joylashgan Rif-Damashq viloyatidagi 15 ta manzilga havo va quruqlik zarbalarini amalga oshirdi. Bu yerlarda IShID terrorchi tashkilotiga tegishli yashirin omborlar joylashgan edi.

Amerika harbiylarining qayd etishicha, operatsiya natijasida 130 dan ortiq minomyot va raketalar, shuningdek, bir nechta hujum qurollari, pulemyotlar, tankka qarshi minalar va qo‘lbola bombalar tayyorlash uchun mo‘ljallangan materiallar yo‘q qilindi. AQSh va Suriya xavfsizlik kuchlari, shuningdek, bir necha partiya narkotik moddalarni ham aniqlab, yo‘q qilgan.

«Ushbu muvaffaqiyatli operatsiya IShIDga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar uzoq muddatli bo‘lishini, guruh yana terrorchilik hujumlarini qayta tiklay olmasligini yoki ularni AQSh hududiga yoki butun dunyoga ko‘chira olmasligini ta’minlaydi», — dedi CENTCOM qo‘mondoni admiral Bred Kuper.

10 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi o‘z qarorgohida Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Shar’ani qabul qildi. O‘sha kuni Suriya muvaqqat hukumati axborot vaziri Hamza Mustafa Damashq AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Tramp uchrashuvdan so‘ng ash-Shar’ani «juda kuchli lider» va «qat’iy yigit» deb atadi hamda ular yaxshi munosabat o‘rnata olganini aytdi. «Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz, Suriya muvaffaqiyatga erishsin, chunki u Yaqin Sharqning bir qismi», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Ash-Shar’a esa 10 noyabr kuni Fox News telekanali efirida o‘zining "Al-Qoida" terrorchi tashkiloti bilan hamkorligi "o‘tmishdagi ish" ekanini, Donald Tramp bilan uchrashuvda bu mavzu muhokama qilinmaganini aytdi. Bir kun oldin AQSh vaqtinchalik prezident ash-Shar’ani terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan edi.

2024 yil oxirida o‘shandagi Suriya prezidenti Bashar Asadni ag‘darib tashlagan Ahmad ash-Shar’a ilgariroq Abu Muxammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan. U 2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro antiterror koalitsiyasiga qarshi kurashish maqsadida Iroqdagi «Al-Qoida» safiga qo‘shilgan. 2006 yilda amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingan va Iroq qamoqxonalarida besh yil o‘tkazgan.

2011 yilda ozodlikka chiqqanidan so‘ng ash-Shar’a Suriyada «Al-Qoida»ning mahalliy bo‘limi bo‘lgan guruhni tuzdi va unga rahbarlik qildi. 2017 yilda u isloh qilinib, yangi nom bilan qayta tuzildi. Yangicha guruhning asosiy maqsadi Asad rejimiga barham berish bo‘ldi.

IShID 2014 yilda Suriya va qo‘shni Iroqning katta hududlarini bosib olgan edi. Hozirgi kunga kelib, AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan u harbiy jihatdan mag‘lub etilgan deb hisoblanadi. Shunga qaramay, taxminlarga ko‘ra, Iroq va Suriyada hamon taxminan 2500 nafar IShID jangarisi yashirin holda harakatlanib, teraktlar uyushtirishda davom etmoqda.

Mavzuga oid