Jahon | 13:24 / 01.12.2025
2943
3 daqiqa o‘qiladi

Madridda Pedro Sanchesga qarshi o‘n minglab kishi norozilikka chiqdi

Ispaniya sobiq transport vaziriga nisbatan korrupsiya ayblovlari fonida muxolifat bosh vazir Pedro Sanchesga qarshi namoyish tashkil qildi va muddatdan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirdi. Madrid ko‘chalariga o‘n minglab odamlar yig‘ildi.

Foto: Getty Images / Europa Press News / A. Perez Meca

Yakshanba kuni, 30 noyabrda, Madridda o‘n minglab odamlar Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches iste’fosini talab qilib va muddatdan oldin parlament saylovlariga chaqiriq bilan ko‘chalarga chiqdi. Norozilikka korrupsiya bo‘yicha ayblovlar sabab bo‘ldi.

Poytaxt markazida o‘tgan namoyishlarga «Mafiya yoki demokratiya?» shiori ostida muxolifat yetakchisi Alberto Nunes Feyxoo boshchiligidagi konservativ Xalq partiyasi chaqirdi. Bundan uch kun oldin sobiq transport vaziri Xose Luis Abalos va uning sobiq maslahatchisi Koldo Garsiyaga COVID-19 pandemiyasi boshida himoya niqoblari xaridi bilan bog‘liq ishda korrupsiya ayblovi qo‘yildi. Har ikki siyosatchi hozir qamoqda. Prokuratura Abalos uchun 20 yildan ortiq ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragan.

2020 yil bahorida Ispaniya davlat idoralari sog‘liqni saqlash sohasida tajribasi bo‘lmagan kompaniyadan ochiq tendersiz bir necha million dona niqob sotib olgan. Der Spiegel jurnali eslatishicha, bu kompaniya asoschisi sudda Abalos, Garsiya va boshqa amaldorlarga «bir necha yuz ming yevro» pora berganini bildirgan. Nunes Feyxoo fikriga ko‘ra, bu korrupsiya mojarosi uchun siyosiy javobgarlik amaldagi bosh vazir Pedro Sanches zimmasida, deb yozadi El Pais.

Ispaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda taxminan 40 ming kishi ishtirok etgan. Xalq partiyasi esa ishtirokchilar sonini ikki baravar ko‘proq, ya’ni 80 ming deb baholagan.

Norozilikka chiqqanlarning ko‘pchiligi milliy bayroqlar va «Darhol iste’fo!», «Sanches, ket!» kabi shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib oldi. Ispaniyada navbatdagi parlament saylovlari 2027 yil ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tishi kerak, biroq muxolifat faol ravishda muddatdan oldin ovoz berishni talab qilmoqda.

Dpa agentligi eslatishicha, Pedro Sanchesga qarshi bunday ko‘lamdagi so‘nggi norozilik namoyishi Madridda iyun oyida bo‘lib o‘tgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid