Jahon | 18:25 / 01.12.2025
43661
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib plastik pulni muomalaga kiritdi

Polimer (plastik) banknota yupqa, mustahkam plyonkadan tayyorlanadi, bu uni yeyilishga va namlikka chidamliroq qiladi. Polimer murakkab himoya elementlarini joriy etish imkonini beradi va qog‘oz banknotaga nisbatan 2-3 marta uzoq xizmat qiladi.

Foto: Türkmenistan Habarlar Portaly

1 dekabrdan boshlab Turkmaniston Markaziy banki 200 manatlik banknotani muomalaga kiritdi. Bu haqda TDX xabar berdi.

Yangi kupyuraning muomalaga kiritilishi Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomini olgani 30 yilligiga to‘g‘ri keladi. Banknota polimer (plastik) materialdan yasalgan. Uning old tomonida Arqadag‘ yodgorligi, orqa tomonida esa Arqadag‘ shahri hokimligining ma’muriy binosi tasvirlangan.

Shu bilan birga, nominal qiymati 1, 5, 10 manat bo‘lgan modifikatsiyalangan polimer banknotalar muomalaga chiqarildi. Ushbu kupyuralarning rangi va dizayni umuman saqlanib qolgan, biroq Turkmaniston hukumati 2025 yilni Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb belgilagan emblema qo‘shilgan.

Turkmaniston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib plastik pulni muomalaga kiritmoqda. Markaziy bankning tushuntirishicha, yangi banknotlarning asosiy xususiyatlari qalbakilashtirishdan yuqori darajada himoyalanganligi va tashqi ta’sirlarga - ifloslanish, eskirish, shikastlanish va boshqa omillarga chidamliligidir. Shu bilan birga, avvalgi qog‘oz pullar Turkmaniston hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolmoqda, deb ta’kidladi Markaziy bank.

Turkmaniston manatining rasmiy kursi ko‘p yillardan buyon 1 dollar uchun 3,5 manatni tashkil etadi. «Qora bozor»da 1 dollar uchun 19-20 manat taklif qilinadi.

Polimer banknota yupqa, mustahkam plyonkadan tayyorlanadi. Bu ularni yeyilishga va namlikka chidamliroq qiladi. Polimer murakkab himoya elementlarini joriy etish imkonini beradi va qog‘oz banknotaga nisbatan 2-3 marta uzoq xizmat qiladi. Suvdan «qo‘rqmaydi», osonlikcha yirtilmaydi, egilishga yaxshi chidaydi. Polimer ifloslik va terni yomonroq singdiradi, bakteriyalarni kamroq to‘playdi. Polimer banknotlarni qayta ishlash mumkin, bu ularni eskirgandan keyin odatda yoqib yuboriladigan qog‘oz banknotlarga qaraganda ekologik toza qiladi.

Avstraliya 1988 yilda dunyoda birinchi bo‘lib plastik pullarni joriy qilgan va keyinchalik qog‘oz pullardan butunlay voz kechgan davlat hisoblanadi.

Mavzuga oid