Jahon | 09:31 / 02.12.2025
2232
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Qora dengizdagi hujumlarni “xavotirli eskalatsiya” deb atadi

Turkiya prezidenti mamlakat shimoliy qirg‘oqlari yaqinida Rossiyaning “soyadagi flotiga” tegishli tankerlarga qilingan hujumlardan so‘ng Qora dengizdagi tijoriy kemalarga hujumlarni qabul qilib bo‘lmas, deb atadi. Erdo‘g‘anning aytishicha, bu hujumlar Qora dengizdagi kemalar harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda va tashvishli eskalatsiyadan darak beradi.

Foto: Yoruk Isik/REUTERS

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya “soyadagi floti”ga tegishli tankerlar mamlakat shimoliy qirg‘oqlari yaqinida nishonga olinganidan keyin Qora dengizda tijoriy kemalarga qilingan hujumlarni qabul qilib bo‘lmas, deb atadi.

«Biz bu hujumlarni hech qanday sharoitda oqlay olmaymiz. Bunday holatlarga oid zarur ogohlantirishlarni tegishli barcha tomonlarga yetkazmoqdamiz», — dedi Erdo‘g‘an dushanba kuni, 1 dekabrda jurnalistlar bilan suhbatda.

Turkiya prezidentining ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush Qora dengizdagi kemalar harakati xavfsizligiga ochiqdan ochiq tahdid qila boshlagan. «Juma kuni bizning maxsus iqtisodiy hududimizda kemalarni nishonga olish voqeasi xavotirli eskalatsiyadan darak beradi», — dedi siyosatchi.

Bundan oldin Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham neft tankerlariga qilingan hujumlar munosabati bilan tashvish bildirgan edi. Anqara “urishning Qora dengizda kengayib ketishining oldini olish” va “mamlakatning mintaqadagi iqtisodiy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik” maqsadida “manfaatdor tomonlar bilan aloqada” ekanini ma’lum qildi, dedi TIV vakili Ondjyu Kecheli. Hujumlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan Ukraina uning bayonotida to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralanmadi.

Rossiyaning “soyadagi floti”ga mansub Kairos va Virat tankerlari 28 noyabr kuni kechqurun Turkiya sohillari yaqinida hujumga uchradi. Ukraina OAV manbalariga ko‘ra, ular Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU)ning Sea Baby turidagi dengiz dronlari tomonidan urilgan. Hujum tankerlar yuksiz holda Novorossiysk portiga yo‘l olayotgan vaqtda amalga oshirilgan.

Ikkala tanker ham rasman Gambiya bayrog‘i ostida harakatlanadi, biroq Rossiya neftini tashishda ishtirok etgani uchun g‘arb mamlakatlari sanksiyalari ostiga kiritilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid