Jahon | 07:34 / 02.12.2025
5857
2 daqiqa o‘qiladi

Infografika: dengizga chiqish yo‘li yo‘q davlatlar xaritasida O‘zbekiston

Dengizga chiqish imkoniyati - davlatning qulay geografik joylashuvining muhim belgilaridan biri, ammo bunday omad hammaga ham nasib etmagan. Infografikada sohil chizig‘iga ega bo‘lmagan davlatlar ko‘rsatilgan.

Butun dunyo bo‘ylab 44 ta davlat (xaritada, shuningdek, Kosovo ham alohida belgilab qo‘yilgan) dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Ularning ikkitasi yana dengiz sohiliga ega bo‘lmagan qo‘shnilar bilan o‘rab olingan — bular Lixtenshteyn va O‘zbekiston.

Ayrim davlatlar go‘yo juda yaqin masofada dengiz bo‘yiga yetib boradigandek, ammo ularga yo‘lni qo‘shnilari to‘sib qo‘ygan. Masalan, Laosni Janubiy Xitoy dengiziga chiqishdan taxminan 50 kilometr masofa ajratib turadi. Biroq Laosni sohilga “yaqinlashtirmaydigan” Vetnam u bilan o‘zining uchta portini bo‘lishadi.

Avstriya, Vengriya, Slovakiya va Serbiya kabi ayrim davlatlarga ma’lum darajada daryolar yordamga keladi. Garchi bu mamlakatlar qit’a ichida joylashgan bo‘lsa-da, Dunay daryosi ularning kemalariga Qora dengizga chiqish imkonini beradi.

Dengiz sohilining yo‘qligi mamlakat rivojiga har doim ham to‘sqinlik qilmaydi. Lyuksemburg va Shveytsariya dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da, dunyodagi eng boy davlatlardan hisoblanadi. Shuni juda kichik Lixtenshteyn haqida ham aytish mumkin — u aholi joni boshiga to‘g‘ri keladigan nominal yalpi ichki mahsulot (YaIM) ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi.

Mavzuga oid