Jahon | 13:59 / 02.12.2025
2282
6 daqiqa o‘qiladi

“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov

Poraxo‘rlik va firibgarlik kabi jinoyatlarda ayblanayotgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu sud hukmi chiqmay turib prezidentdan afv so‘radi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu uning siyosiy kelajagi va mintaqadagi harbiy vaziyat bilan bevosita bog‘liq. Xususan, Isroilning “Hizbulloh” bilan tirashuvi keskinlashmoqda. Kun.uz studiyasida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimov sharhi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Netanyahu sud yakunlanmay nega Isroil prezidentidan afv so‘radi?

Farhod Karimov: Netanyahu rasmiy ravishda Isroil prezidentidan afv so‘radi. Bu – 2019 yilda ochilgan poraxo‘rlik va firibgarlikka oid jinoiy ishlar bilan bog‘liq. Mazkur ish bo‘yicha tergov yillar mobaynida davom etib keldi, Netanyahuga aloqador yordamchilar va boshqa shaxslar hibsga olingan. Endi tergovda javob berishi kerak bo‘lgan asosiy shaxs sifatida Netanyahu qolgan, shu sababli u jarayonni cho‘zish yoki kimnidir o‘rniga yuborish imkoniga ega emas.

Qolaversa, G‘azo bo‘yicha masala yuridik jihatdan hal qilingan, Misr vositachiligidagi shartnomadan so‘ng rasman o‘t ochish to‘xtatilgan. Oldinda esa 2026 yildagi parlament saylovlari turibdi. Netanyahu koalitsiya yordamida hokimiyatni ushlab turgan bo‘lsa-da, so‘nggi voqealar uning obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. Shu bois uning partiyasi ham, o‘zi ham kelayotgan saylovlarda muvaffaqiyat qozonmasligi mumkin. Agar u yutqazsa, daxlsizlik maqomidan mahrum bo‘ladi. Shu sababli Netanyahu hukm chiqarilishidan avval afv so‘ramoqda.

U biladiki, 6 yil davomida yig‘ilgan dalillar, yordamchilarining ko‘rsatmalari, shuningdek “Qatar Gate” bilan bog‘liq epizodlar unga nisbatan hukm chiqarilishi ehtimolini oshiradi. Afv esa sud va tergovni to‘xtatish imkonini berishi, natijada Netanyahuga saylov kompaniyasiga kuchliroq siyosiy pozitsiya bilan kirish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Parlamentdagi, shuningdek aholining o‘zidagi norozilik kuchayib bormoqda. Yevropa Ittifoqining isroilliklarga nisbatan joriy etayotgan ayrim taqiqlari ham ichki bosimni oshirgan. G‘azo yoki Jo‘lon tepaligidagi harbiy natijalarga qaramay, Netanyahuga nisbatan ishonch pasaygan. Shuning uchun kelayotgan saylovlarda hatto koalitsiya bilan ham hokimiyatni saqlab qolmaslik xavfi mavjud.

Isroilning “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish yuzasidan Livan hukumatining oldiga qo‘ygan talabi bo‘yicha muhlat shu oy yakunlanadi. Ehtimoliy ssenariylar qanday?

Farhod Karimov: Bir nechta omillar bor. Netanyahu afv oladigan bo‘lsa, uning ichki siyosiy bosimlari kamayadi va u e’tiborini “Hizbulloh”dan ko‘ra, saylovchilariga va yaqinlashayotgan parlament saylovlariga qaratadi. Chunki afv berilgach, ichkarida uni ta’qib qiladigan jinoiy xavf ariydi.

Agar afv berilmasa, Netanyahu o‘zining siyosiy daxlsizligini saqlab qolish uchun harbiy faollikni davom ettirishga urinadi. Bu yerda asosiy omil – “Hizbulloh”ning qaytadan qurollanayotgani. “Hizbulloh” rahbariyati ham qurolni tashlamasligini ochiq aytmoqda. Isroil matbuoti esa bu bayonotlarni “yangi urushga tayyorgarlik” sifatida talqin qilib, Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratmoqda. Shu hol uning navbatdagi harbiy operatsiyalarni boshlashi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Bu jarayonda Fransiya ham muhim rol o‘ynaydi. Fransiya – Livandagi maruniy nasroniylarni qo‘llab-quvvatlaydi va mintaqadagi muhim ta’sir kuchlaridan biri sifatida Livanda “Hizbulloh”ning mavqeyini pasaytirishdan manfaatdor. Shu sababli Isroil–Fransiya muloqoti kuchayishi ehtimoli bor. Biroq Livandagi demografik tarkib bunday rejalarni to‘liq amalga oshirishga imkon bermaydi: aholining atigi uchdan bir qismi maruniylar. Qolgan sunniy va shia musulmonlarning katta qismi “Hizbulloh”ni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki tashkilot yillar davomida maktablar, shifoxonalar, infratuzilma qurish orqali davlat funksiyalarini bajargan.

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida yirik, keng ko‘lamli urush ehtimoli past. Isroilning ichki imkoniyatlari bunga to‘sqinlik qiladi: 9 million aholining faqat ma’lum bir qismi safarbar qilinishi mumkin, aholi esa uzoq davom etadigan urushdan charchagan. “Hizbulloh” esa ko‘proq insoniy resurslarga va uzoq muddatli qarshilik ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Shu sababli Netanyahu katta urush emas, balki kichik hajmdagi havo hujumlari yoki chegaraviy operatsiyalar orqali harbiy faollikni saqlab turishi mumkin. Bu unga afv berilmaganda sud jarayonlarini cho‘zish va siyosiy legitimligini vaqtincha mustahkamlashga xizmat qiladi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid