Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Gurjiston namoyishlarni tarqatishda kimyoviy modda qo‘llagan bo‘lishi mumkin
Gurjistonda hukumatga qarshi namoyishlarni bostirish uchun kamit deb ataluvchi modda qo‘llangan bo‘lishi mumkin, deb yozadi BBC mediakorporatsiyasi o‘z tekshiruvida. Gurjiston hokimiyati esa xavfli modda ishlatilganini rad etmoqda va jurnalistlarni sudga berish bilan tahdid qilmoqda.
Foto: David Mdzinarishvili / EPA
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Gurjistonda hukumatga qarshi namoyishlarni bostirish uchun huquq-tartibot idoralari Birinchi jahon urushi davriga tegishli harbiy zaharlovchi moddadan foydalangan bo‘lishi mumkin. Taxmin qilinishicha, bu modda namoyishchilarga qaratilgan vodomyotlar suviga qo‘shilgan. Britaniya mediakorporatsiyasining surishtiruvi dushanba kuni, 1 dekabrda chop etilgan.
Jurnalistlarning yozishicha, gap brombenzilsianid deb ataluvchi modda haqida ketmoqda. U kamit nomi bilan ham ma’lum bo‘lib, Birinchi jahon urushi paytida Fransiya armiyasi uni G‘arbiy frontda nemis soldatlariga qarshi qo‘llagan. 1930-yillarda kamit sog‘liq uchun uzoq muddatli oqibatlar tufayli qo‘llashdan chiqarilgan va namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz kabi nisbatan xavfsizroq moddalar ishlatila boshlangan, deya ta’kidlaydi BBC.
BBC suhbatdoshlaridan biri — pediatr Konstantin Chaxunashvili Gruziya parlamenti binosi yonidagi namoyishlarda bir hafta davomida ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vodomyotlar ostiga tushib qolgandan so‘ng teri «bir necha kun davomida yongan», «yuz-qo‘lni yuvishga uringanda esa yanada yomonlashgan».
Konstantin o‘z ijtimoiy tarmoqlarida so‘rovnoma o‘tkazib, 125 dan ortiq namoyishchi taxminan bir oy davomida bosh og‘rig‘i, charchoq, yo‘tal, nafas qisishi va qayt qilish alomatlarini boshdan kechirganini aniqladi. U so‘rovdan o‘tganlardan 69 nafarida shaxsan tekshiruv o‘tkazib, ularda yurakning elektr signallaridagi anomaliyalar «ancha yuqori tarqalgani»ni qayd etdi. Uning tadqiqoti keyinchalik mutaxassislar tomonidan retsenziyadan o‘tdi va xalqaro Toxicology Repors jurnalida chop etish uchun qabul qilindi.
Materialda qayd etilishicha, jurnalistlar, shifokorlar va inson huquqlari himoyachilari Gurjiston hukumatidan vodomyotlarda aniq qaysi modda ishlatilganini, jumladan jarohat olganlarni davolash uchun ham aniqlashni talab qilgan. Biroq Ichki ishlar vazirligi bu haqda ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Ichki ishlar vazirligining maxsus tayyorgarlik bo‘linmalari qurollanishini nazorat qilgan sobiq mas’ul Lasha Shergelashvili BBC’ga bergan intervyusida 2024 yil noyabr–dekabr oylarida namoyishlarni tarqatish uchun qo‘llangan modda «an’anaviy maxsus vositalardan, ehtimol, o‘n barobar kuchliroq bo‘lgan»ini aytdi.
1 dekabr kuni Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati BBC surishtiruvi chop etilgani munosabati bilan tergov boshlanganini ma’lum qildi. O‘z navbatida hokimiyat tepasidagi «Gurjiston orzusi» partiyasi korporatsiyaga tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatgani uchun xalqaro sudlarga da’vo kiritish bilan tahdid qildi.
Mavzuga oid
11:46 / 17.11.2025
Filippin poytaxtida yuz minglab odamlar korrupsiyaga qarshi norozilikka chiqdi
23:19 / 13.11.2025
Saakashvili 2022 yildan beri yashagan klinikadan qamoqqa qaytarildi
08:52 / 13.11.2025
Mixail Saakashvili kasalxonadan yana qamoqqa qaytarildi
13:07 / 07.11.2025