Jahon | 09:03 / 02.12.2025
3944
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda muxolifat yetakchisi Ali Kerimli hibsga olindi

Muxolifatdagi «Ozarboyjon Xalq fronti» partiyasi yetakchisi Ali Kerimli hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga tayyorgarlikda ayblanib, ikki yarim oy muddatga hibsga olindi. U 12 yildan to umrbod ozodlikdan mahrum etilishgacha bo‘lgan jazoga hukm qilinishi mumkin.

Foto: Manoocher Deghati / AP

Bokuning Sabail tuman sudi dushanba kuni, 1 dekabrda, «Ozarboyjon Xalq fronti» milliy-demokratik partiyasi raisi Ali Kerimlini va partiya boshqaruvi a’zosi Mamed Ibrohimni 2 oy-u 15 kun muddatga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ularga hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallash maqsadida til biriktirganlik ayblovi qo‘yilgan. Siyosatchilar 12 yildan umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan muddatga hukm qilinishi mumkin.

Kerimli 29 noyabr kuni qo‘lga olingan edi. Ozarboyjon davlat OAVning xabar berishicha, tintuv chog‘ida muxolifat vakilidan sobiq prezident administratsiyasi rahbari Ramiz Mextiyev qalamiga mansub deb aytilgan ayrim xatlar topilgan. Oktyabr oyida sud 87 yoshli Mextiyevni bir qator ayblovlar — jumladan, davlat to‘ntarishiga urinish va davlatga xiyonatda ayblab, to‘rt oy muddatga uy qamog‘iga jo‘natish haqida qaror chiqargan edi.

Reuters agentligi manbasiga ko‘ra, Ozarboyjon rasmiylari Kerimlini Mextiyev tomonidan moliyalashtirilganlikda ayblamoqda. Partiya yetakchisi unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi va ularni siyosiy sababga ega, deb hisoblaydi, deya xabar bergan Reuters muxolif siyosatchining himoyachisiga tayanib.

Kerimli 2000 yilda, partiyaning avvalgi yetakchisi — mamlakatning sobiq prezidenti Abulfaz Elchibay vafotidan so‘ng «Ozarboyjon Xalq fronti» partiyasi rahbarligini o‘z zimmasiga olgan. Keyingi 20 yil davomida unga xorijga chiqish pasportini berish rad etib kelingan. 2015 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bu orqali Kerimlining erkin harakatlanish huquqi buzilgani haqida qaror chiqargan.

Ozarboyjonlik huquq himoyachilari Ali Kerimlining hibsga olinishini repressiyalar to‘lqinining bir qismi, deb baholamoqda va uni ozod qilishni talab etmoqda. «Ozarboyjonda siyosiy mahbuslar erkinligi uchun» ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktyabr oyida mamlakatdagi siyosiy mahbuslar soni 392 nafarga yetgan — bu Ilhom Aliyevning 22 yillik prezidentlik davridagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ozarboyjonda hokimiyatni tanqid qilgan o‘nlab jurnalistlar, faollar va siyosatchilar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. 

Mavzuga oid