Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston chegara qoidalarini buzmaslikka chaqirildi
O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqarolarga murojaat qilib, Qozog‘iston hududida davlat chegarasini faqat qonuniy tartibda kesib o‘tish, chegara qoidalarini buzmaslik va noqonuniy sxemalarga aldanmaslikka da’vat etdi. So‘nggi kunlarda qator fuqarolar chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Foto: O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi
O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya Federatsiyasi yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqarolar davlat chegarasi nazorat-o‘tkazish punktlarini kesib o‘tishda davlat chegarasini kesib o‘tish qonunchiligiga qat’iy rioya etishlari so‘ralmoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ayrim O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Qozog‘iston hududida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinish holatlari qayd etilgan. Qozog‘iston vakolatli idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaxslar qo‘lga olingan va Jinoyat kodeksining 392- va 394-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, joriy yil sentabr oyidan Qozog‘istonda chegara buzilishi holatlari uchun jazo choralari yanada kuchaytirilgani, xususan, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangani qayd etilgan.
Aqtaudagi Bosh konsulxona tomonidan ta’kidlanishicha, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki bu harakatga urinishning o‘zi ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Murojaatda O‘zbekiston fuqarolariga quyidagilarga amal qilish tavsiya etilgan:
- davlat chegarasidan o‘tish tartibini qat’iy saqlash;
- noqonuniy “aylanma yo‘llar” yoki “oson o‘tish yo‘llarini” taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslik;
- qonunga zid sxemalarda ishtirok etmaslik.
Bosh konsulxona fuqarolar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida chegara qoidalarini buzmaslik har bir shaxsning shaxsiy mas’uliyati ekanini eslatdi.
Mavzuga oid
19:30 / 04.12.2025
Qozog‘istonda 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanishi mumkin
20:39 / 01.12.2025
Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus YTHga uchradi
17:36 / 01.12.2025
Qozog‘iston va Turkiya dengiz dronlari hujumi bo‘yicha Kiyevga norozilik bildirdi
18:33 / 26.11.2025