O‘zbekiston | 10:14 / 02.12.2025
3163
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosida PM2,5 me’yordan 3,5 baravar yuqori qayd etildi

2 dekabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra Toshkent shahri atmosfera havosida RM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori belgilangan me’yordan 3,5 marta oshgani aniqlandi, RM10 ko‘rsatkichi esa ruxsat etilgan chegaradan oshmadi.

Foto: Kun.uz

Atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 2 dekabr kuni soat 09:00 da Toshkent shahri havosida quyidagi ko‘rsatkichlar qayd etildi:

  • PM10 mayda dispersli zarrachalar miqdori — 280 mkg/m³, bu ruxsat etilgan me’yor (PM) 300 mkg/m³ dan oshmagan;
  • PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori — 212 mkg/m³, bu esa ruxsat etilgan me’yor (60 mkg/m³) dan 3,5 marta yuqori.

Ta’kidlanishicha, ko‘rsatkichlarning oshishiga havo haroratining keskin o‘zgarishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Harorat o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bu esa mayda zarrachalarning havoning pastki qatlamlarida to‘planishi va atmosferadagi konsentratsiyasi oshishiga sabab bo‘ladi.

PM2,5 — bu diametri 2,5 mkmdan kichik bo‘lgan mayda chang zarrachalaridir. Ular juda mayda bo‘lgani uchun nafas yo‘llari orqali bevosita o‘pka to‘qimalariga, hatto qon tomirlarigacha yetib borishi mumkin.

Bu zarrachalar asosan avtomobil gazlari, issiqlik elektr stansiyalari, sanoat chiqindisi, ko‘mir yoqish, qurilish changlari va boshqa yonish jarayonlaridan hosil bo‘ladi. PM2,5 darajasi yuqori bo‘lsa, yurak-qon tomir kasalliklari, bronxit, astma kuchayishi, bosh og‘rig‘i, nafas qisishi kabi salbiy ta’sirlar xavfi ortadi.

Shuning uchun havo sifatida PM2,5 ko‘rsatkichi alohida kuzatiladi va me’yordan oshganda niqob taqish, ehtiyoj bo‘lmasa ko‘chada yurmaslik, ayniqsa bolalar, keksalar va yurak-o‘pkasida muammosi borlar uchun ehtiyot choralari tavsiya etiladi.

Mavzuga oid