O‘zbekiston | 13:01 / 03.12.2025
11791
3 daqiqa o‘qiladi

Gulistondagi portlashda 30 ga yaqin kishi jarohatlangan

Ma’lum bo‘lishicha, portlash oqibatida 29 kishi jarohatlanib, shundan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanuvchilardan uch nafari vafot etgan, bir nafari o‘ta og‘ir ahvolda, yana besh kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Foto: Videodan kadr

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi bozorlardan biri hududidagi ovqatlanish shoxobchasida ro‘y bergan portlash oqibatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

«2 dekabr kuni soat 10:49 da Guliston shahrining «Taraqqiyot» MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida sodir bo‘lgan yong‘in haqida tez tibbiy yordam Call-markaziga soat 11:13 da xabar kelib tushgan. Tez tibbiy yordam brigadasi zudlik bilan soat 11:25 da voqea joyiga yetib borib, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan.

Hodisa oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov boshchiligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, qo‘shma jarrohlar xirurgi, travmatolog va mikroxirurglardan iborat malakali mutaxassislar shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borib, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘ta og‘ir qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Reanimatsiyadagi bemorlardan 5 nafari stabil og‘ir holatda, ular hushida va mustaqil nafas olmoqda.

Ayni paytda qabul qilingan bemorlardan ikki nafari homiladorligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar bemorning ham ahvoli qoniqarli bo‘lib, ular tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda.

Shifoxonada bemorlar uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar mavjud. Ularga tegishli standartlar asosida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bemor salomatligini o‘z nazoratiga olgan.

2 dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi bozorlardan birida gazballon portlagandi.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 2 dekabr kuni hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Bundan oldinroq Sirdaryo viloyat IIB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 1 kishi protsessual tartibda qamoqqa olinganini xabar qilgandi.

Mavzuga oid