Jahon | 10:03 / 03.12.2025
626
3 daqiqa o‘qiladi

Litva 2026 yilda armiyaga 5 ming kishini chaqirishni rejalashtirmoqda

Litva Mudofaa vazirligi 2026 yilda harbiy chaqiriqqa tortiladiganlar sonini 5000 nafargacha oshirish rejasi borligini ma’lum qildi. Mamlakatda 2015 yilda 9 oylik majburiy harbiy xizmat qayta joriy etilgan bo‘lib, chaqiruv 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga taalluqli.

Foto: Alfredas Pliadis/Verteidigungsministerium Litauen

Litvada 2026 yilda majburiy harbiy xizmat doirasida taxminan 5000 nafar yosh yigitni chaqirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda seshanba kuni, 2 dekabr kuni Litva Mudofaa vazirligining rasmiy saytida ma’lum qilindi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, chaqiriq butun yil davomida — 2 yanvardan 31 dekabrgacha o‘tkaziladi.

Chaqiriladiganlar ro‘yxati 2026 yil 7 yanvariga qadar shakllantiriladi. Mamlakatda amalda bo‘lgan «Harbiy majburiyat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, 18–22 yoshli shaxslar chaqiriqqa tortiladi, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganlar uchun xizmatdan muddatli kechiktirish nazarda tutilgan. Ixtiyoriy xizmatni esa 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan Litva fuqarolari o‘tashi mumkin.

Litva Mudofaa vazirligi rejalariga muvofiq, 3870 nafar yigit 9 oylik majburiy boshlang‘ich harbiy xizmatga chaqiriladi, yana 90 nafar, armiyada talab yuqori bo‘lgan mutaxassislikka ega shaxslar 3 oy xizmat qiladi. 90–120 kunlik bazaviy harbiy tayyorgarlikni 450 nafar yoshlar o‘taydi, 650 nafar chaqiriluvchi esa kichik ofitserlar-komandirlar tayyorlash dasturlari doirasida 200 kungacha xizmat qiladi.

2026 yilda armiyaga chaqirish dasturi kengaytirilishi rejalashtirilgan. Litva Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar qatorida Maxsus operatsiyalar kuchlarida xizmat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi, u yerda parashyut tayyorgarligi kurslari, uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlarini o‘qitish va suv obektida maxsus tayyorgarlikdan o‘tish nazarda tutilgan. Shuningdek, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik va radioaloqa sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturi ham saqlab qolinadi.

Litva 2015 yilda majburiy harbiy xizmatni tikladi va har yili taxminan 3500 nafar erkakni armiyaga chaqirib keladi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lganlar zaxiraga o‘tkaziladi. 2024 yilda Litva Seymi «Harbiy majburiyat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar qabul qildi, ularga ko‘ra yoshlar maktabni tugatishi bilanoq harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.

Mavzuga oid