Ta’lim | 15:43 / 03.12.2025
2359
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim tizimi faoliyatini tartibga soluvchi yangi nizom qabul qilinadi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘i bilan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq «Oliy ta’lim to‘g‘risida»gi yangi nizom qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Unda oliy ta’lim tizimini boshqarish, bakalavriat va magistratura bosqichlarini tashkil etish, talabalar va pedagog xodimlarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilab qo‘yiladi.

Foto: Depositphotos

Loyihada oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi, ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar esa 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi belgilangan

Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim tizimi milliy malakalar ramkasining 6-, 7- va 8-malaka darajalarini qamrab oladi hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlaydi. Oliy ta’limning:

  • bakalavriat bosqichi – kamida uch yil,
  • magistratura bosqichi – kamida bir yil davom etadi.

Hujjatda oliy ta’limning asosiy maqsadi mamlakat istiqboliga mos, raqobatbardosh, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar va yuksak salohiyatli mutaxassislar tayyorlash ekani qayd etilgan.

Nizomda quyidagi yo‘nalishlar tartibga solinadi:

  • oliy ta’lim davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi;
  • universitet, institut, akademiya, konservatoriya, oliy maktab, filial kabi oliy ta’lim tashkilotlari turlari va ularning vazifalari;
  • talabalarning ta’lim olish, stipendiya, turar joy, akademik ta’til, ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etish kabi huquqlari, shuningdek ichki tartib-qoidalarga rioya etish bo‘yicha majburiyatlari;
  • professor-o‘qituvchilarning pedagogik faoliyat olib borish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish va rag‘batlantirishga doir huquq va majburiyatlari;
  • oliy ta’lim tashkilotlari boshqaruvi, rektor va kengash vakolatlari, moliyaviy mustaqillik va mulkdan foydalanish asoslari;
  • xalqaro hamkorlik, qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli yo‘nalishlar, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi mexanizmlari.

Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilishi, ta’lim sifati va kadrlar tayyorlash natijadorligini baholash bo‘yicha aniq mezonlar joriy etilishi nazarda tutilgan.

Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi, ushbu talablarni buzgan shaxslar esa amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid