Jamiyat | 11:43 / 03.12.2025
2073
2 daqiqa o‘qiladi

Qibray tumanida filtrsiz ishlayotgan issiqxonalar aniqlandi

Toshkent havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxonalar faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekologik reydlar doirasida Qibray tumanida filtrsiz yoki standartga javob bermaydigan qurilmalardan foydalanayotgan qator xo‘jalik obektlari aniqlandi. Mas’ullarga kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Foto: FVV

Toshkent shahri va atrof hududlarda atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxonalar faoliyatini nazorat qilish maqsadida o‘tkazilayotgan ekologik reydlar Qibray tumanida davom ettirildi.

Maxsus komissiya rahbariyati tomonidan tumandagi bir qator issiqxonalar faoliyati o‘rganilib, ekologik talablarga rioya etilish holati muhokama qilindi. Tekshirishlar chog‘ida ayrim issiqxonalarda filtr uskunalarining yo‘qligi yoki standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Tumandagi issiqxonalardan birida filtr uskunalarini o‘rnatishga ko‘maklashish yuzasidan mas’ul tashkilot va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, Obod mahallasida joylashgan issiqxonalar hamda qo‘lbola usulda o‘rnatilgan qozonlar holati ko‘zdan kechirilib, ularga zarur filtrlarni o‘rnatish vazifasi belgilandi.

Reydlar davomida ayrim xo‘jalik obektlarida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kuchaytiruvchi, filtrsiz ishlayotgan qurilmalar aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha xo‘jalik rahbarlari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda va qisqa muddat ichida ekologik talablarga mos filtrlar o‘rnatish, ish jarayonida me’yorlarga qat’iy rioya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Komissiya ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilayotgan reydlar samaradorligi tanqidiy tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Berilgan topshiriqlar ijrosi belgilangan tartibda qat’iy nazoratga olingani ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid