Sog‘lom hayot | 09:40 / 03.12.2025
1592
3 daqiqa o‘qiladi

Qonuniy va xavfsiz klinikani qanday tanlash kerak?

To‘g‘ri tanlangan klinika – sog‘ayish yo‘lidagi eng muhim qadam. Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi fuqarolarni davolanish uchun tibbiyot muassasasini tanlashda litsenziya, sanitariya, uskunalar holati va xodimlar malakasiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

Foto: iStock

Davolanish uchun tibbiyot muassasasi tanlashda klinikaning reklama roliklari yoki tashqi ko‘rinishiga emas, balki uning qonuniy faoliyati va bemorlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qay darajada talablarga javob berishiga qarab qaror qabul qilish zarur.

Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazining ma’lum qilishicha, tibbiyot muassasasi qonuniy va xavfsiz faoliyat yuritayotganini quyidagi belgilar orqali aniqlash mumkin:

✅ Lisenziya va hujjatlar ochiqligi – klinika tibbiy faoliyatga ruxsat beruvchi litsenziyaga ega bo‘lishi, u ochiq joyda ilingan yoki so‘ralganda bemorga oson taqdim etilishi kerak. Bu muassasaning qonuniy faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi.
✅ Tozalik va sanitariya – xona va yo‘laklar, kutish zali, sanitariya xonalari toza va gigiyena qoidalariga mos bo‘lishi shart. Dezinfeksiya ishlari muntazam olib borilishi, ishlatilgan bir martalik anjomlar to‘g‘ri utilizatsiya qilinishi muhim.
✅ Malakali tibbiyot xodimlari – shifokor va hamshiralar tegishli diplom, malaka to‘g‘risidagi hujjatlar va sertifikatlarga ega bo‘lishi lozim. Bemor zarurat tug‘ilganda mutaxassisdan o‘zining malakasi va tajribasi haqida ma’lumot so‘rash huquqiga ega.
✅ Uskunalarning sozligi va xavfsizligi – diagnostika va davolash uskunalari texnik jihatdan soz holda bo‘lishi, metrologik tekshiruvlardan o‘tganligi va xavfsizlik standartlariga mosligi talab etiladi. Nosoz yoki sertifikatlanmagan uskunalar salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
✅ Bemorlar bilan ochiq muloqot va shaffoflik – klinika xodimlari tashxis, davolash rejasi, ehtimoliy asoratlar va xizmatlar narxi haqida bemorga oydin va tushunarli ma’lumot berishi zarur. Shartnoma, chek va ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati ochiq bo‘lishi kerak.
✅ Shoshilinch holatlarga tayyorgarlik – klinikada shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari, zarur dori-darmonlar zaxirasi va bu yo‘nalishda tayyorgarlikka ega xodimlar bo‘lishi muhim. Bu kutilmagan asoratlar yuzaga kelganda bemor hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Markaz mutasaddilarining ta’kidlashicha, fuqarolar ushbu talab va mezonlarga amal qilgan holda klinika tanlasa, nafaqat sog‘ayish jarayoni samaradorligini, balki o‘z xavfsizligini ham ta’minlashi mumkin.

Mavzuga oid