Jahon | 12:17 / 03.12.2025
4711
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina ikki kun ichida "Rosneft"ning ikkinchi neft bazasiga zarba berdi

Tambov va Voronej oblastlarida neft infratuzilmasi obektlariga Ukraina dronlari tomonidan navbatdagi hujumlar qayd etildi. Hududiy hokimiyatlar benzin saqlash rezervuarlari zararlangani va yong‘inlar yuz bergani haqida xabar bermoqda.

Foto: EPA

Ukraina uchuvchisiz apparati dushanbaga o‘tar kechasi, 3 dekabrda Tambov oblastidagi neft bazasiga hujum qildi. Bu haqda hudud gubernatori Yevgeniy Pervishov xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dron parchalari obekt hududiga tushganidan so‘ng yong‘in kelib chiqqan, voqea joyida o‘t o‘chirish xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishlayapti. Pervishov jabrlanganlar bor-yo‘qligi va qaysi neft bazasi hujum obekti bo‘lganini aniqlashtirmadi.

Ukrainaning Exilnova+ monitoring kanali ma’lumotlariga ko‘ra, zarba Tambovdan taxminan 45 km uzoqlikda joylashgan Dmitriyevka posyolkasidagi Nikiforov neft bazasiga berilgan. U yerda dizel yonilg‘isini saqlash uchun mo‘ljallangan umumiy hajmi 10 440 kub metr bo‘lgan 14 ta rezervuar mavjud. Baza "Rosneft" kompaniyasiga tegishli bo‘lib, yaqin vaqtgacha "Tambovnefteprodukt" tarkibiga kirgan, u noyabr oxirida "Voronejnefteprodukt"ga qo‘shib yuborilgan.

Bundan tashqari, shu kechasi — 3 dekabrga o‘tar tunda Voronej oblastidagi neft bazasi ham Ukraina dronlari hujumiga uchragani haqida hudud gubernatori Aleksandr Gusev xabar berdi. Uning aytishicha, urib tushirilgan dron parchalari tushishi natijasida bir nechta yonilg‘i rezervuarlari "katta bo‘lmagan darajada" zararlangan. Gusev qo‘shimcha qilishicha, yong‘in chiqmagan va jabrlanganlar yo‘q.

Bir kun oldin, 2 dekabrda, Ukraina dronlari Oryol oblasti Livni shahridagi "Rosneft" neft bazasiga zarba bergan edi. U yerda yonilg‘i saqlanayotgan ikkita rezervuarda yong‘in chiqqani xabar qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligining kechagi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan tun Rossiya hududi ustida Ukrainaga tegishli 102 ta samolyot turidagi dron "tutib olingan va yo‘q qilingan". Eng ko‘p dron Belgorod viloyati ustida qayd etilgan — 26 ta.

Hisobotga, shuningdek, Bryansk oblasti ustidagi 22 ta, Kursk ustidagi 21 ta, Rostov ustidagi 16 ta, Astraxan ustidagi 7 ta, Saratov ustidagi 6 ta va Voronej oblasti ustidagi 4 ta dron kiritilgan. Tambov oblasti vazirlik xabarida tilga olinmagan.

Mavzuga oid