O‘zbekiston | 19:38 / 04.12.2025
2375
5 daqiqa o‘qiladi

Andijon tibbiyot instituti talabalariga ijara kompensatsiyasi nega bekor qilindi?

Noyabr oyi uchun berilgan arizalar avtomatik bekor bo‘lib ketgan. Kun.uz surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, bu holatga universitet ma’muriyati tomonidan yotoqxonadagi bo‘sh joylar xorijlik talabalar uchun oldindan band qilib qo‘yilgani sabab bo‘lgan. Institut rahbariyati buning uchun ayrim mas’ullarga intizomiy jazo qo‘llanganini bildirdi. Bekor bo‘lib ketgan arizalar tiklanadi – talabalardan qayta ariza olinmaydi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga Andijon davlat tibbiyot institutining bir necha talabasidan murojaat kelib tushdi. Ularga ko‘ra, OTM rahbariyati yotoqxonadan tashqarida ijarada yashovchi barcha talabalarga noyabr uchun ijara summasining yarmi qoplab berilmasligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, shu vaqtgacha berilgan arizalar tizimdan o‘chirib yuborilgani va dekabr uchun qayta ariza tashlanishi kerakligi aytilgan.

Talabalarga yotoqxona yetmagani sababli ijara shartnoma asosida davlat tomonidan pul to‘lanadi, qachonki, uning barcha hujjatlari to‘g‘ri qilingan bo‘lsa. Ya’ni turgan xonadonidagi uy egasining roziligi asosida soliq tizimidan hujjat tayyorlanadi. Noyabr boshida biz kursdoshlar bilan bu hujjatni qildik va ariza topshirdik, arizamiz qabul qilindi.

Bu to‘lovni bizga oyning oxirida tushirib berishlari kerak edi. Ammo noyabr uchun pul berilmadi. 2 dekabr kuni ertalab guruhga xabar keldi: “noyabr uchun to‘lov bekor qilindi, ya’ni berilmaydigan bo‘libdi” degan. Shu kungacha qabul qilingan arizalarning barchasi bekor qilinibdi. Ya’ni sentabr, oktyabr. noyabrda qilingan hujjatlar barchasi bekor qilinibdi”, – deydi yuqori kurs talabalaridan biri.

Ijara to‘lovlariga ota-onamga ko‘mak uchun noyabr oyida shartnoma qilgandim, afsuski, to‘satdan bermaymiz deb qolishdi. Tyutor xabarni yetkazdi. Biz endi yangitdan ariza topshirishimiz kerak ekan, o‘zi zo‘rg‘a, qiynalib, uyga qatnab, darsdan qolib arizani topshirib olgandim. Yana topshiringlar deyishyapti, nima qilishga hayronmiz”, – deydi boshqa bir talaba.

Yana bir talabaga ko‘ra, institut ma’muriyati noyabr pullari berilmasligining sababini tushuntirarkan, budjetdan mablag‘ ajratilmaganini aytgan.

Biz sababini so‘rasak, noyabr uchun davlat pul bermaganini aytishdi. Lekin hech qaysi rasmiy kanalda davlat budjetidan ajratilmagani haqida gap eshitmadik. Biz qayerdan bilamiz davlat pul ajratmaganini yoki bu pullar ehtimol talon-toroj qilinganini?

Institutda ko‘plab muammolar bor, lekin shu kungacha ko‘pchilik aytmagan. Institutga norozi bo‘lib borsangiz, har doimgidek muammoni emas, uni aytganni yo‘qotishga qaratilgan javob keladi. Tushuntirish xati, darslarda shu talabani qasddan qiynash (“nb” qo‘yish, ataylab oraliq yakuniylardan qoldirish, joriy amaliy darslarda past ball qo‘yish) bo‘ladi”, – deydi u.

Talabalar boshqa OTMda emas, aynan Andijon davlat tibbiyot institutida shunday bekor qilinishlar bo‘layotgani ham shubhali ekanini bildirishdi.

Institut Telegram-kanalidagi rasmiy munosabatiga ko‘ra, holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, vaziyat o‘rganilgan. Natijada kamchiliklar bartaraf etilgani, tegishli mas’ullarga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llangani ma’lum qilingan. Noyabr pullari esa berilishi qayd etilgan.

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish uchun Oliy ta’lim vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirning matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning ma’lum qilishicha, ADTIdagi holatda arizalarning bekor bo‘lib ketishi – yotoqxonadagi o‘rinlar xorijiy talabalar uchun band qilib qo‘yilgani bilan bog‘liq.

OTMda yotoqxonalar bor, agar bu yotoqxonalar bo‘sh turgan va undan talabalar foydalanmayotgan bo‘lsa, bo‘sh o‘ringa talabalar kelmayapti deb elektron platformamizning o‘zi pul to‘lab berilishini rad etadi.

Andijonda juda ham ko‘p xorijiy talabalar o‘qiydi. Ularning qabuli sal boshqacharoq, dekabrda ham davom etadi. ADTI xorijiy talabalar uchun yotoqxonadan bo‘sh joylarni band qilib qo‘ygan, u yerda hech kim turmagan. [Shu sabab] platformada ham bo‘sh bo‘lib turgan. Shunga tizim qaytarib yuborgan.

Bunga yechim ham bor. Sentyabr, oktyabr oyida institut mas’ullari “bizda shunday vaziyat, xorijiylar uchun olib qo‘yganimiz sababli o‘zimizning talabalar uchun mo‘ljallangan yotoqxona to‘lgan, shuning uchun ijarada turganlarning pulini qoplab beringlar” degan arizani kiritishgan. Bular sentabr va oktyabr uchun kiritib, noyabrga kiritishmagan. Shu sababli to‘lab berilmagan.

Endi institut ma’muriyati buni boshqatdan kiritadi va pul to‘lab beriladi. Vaziyat shunday”, – dedi matbuot xizmati rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, talabalar noyabr oyi uchun boshqatdan yozmaydi: to‘lovlar avvalgi kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.

Mavzuga oid