Jahon | 15:11 / 04.12.2025
1264
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh H-1B vizasiga nomzodlarni LinkedIn orqali “senzura filtri”dan o‘tkazadi

AQSh Davlat departamenti konsullik xodimlariga so‘z erkinligiga nisbatan senzura qo‘llashda ishtirok etganlarga H-1B ishchi vizasini bermaslik majburiyatini yukladi. Endilikda faqat ariza beruvchining emas, balki u bilan birga ko‘chib o‘tishni istagan oila a’zolarining LinkedIn sahifalari ham tekshiriladi.

Foto: AP

AQSh Davlat departamenti 2 dekabr kuni konsulliklar xodimlariga maxsus yozuv yuborib, H-1B ishchi vizasiga ariza beruvchilarning rezyumelari va LinkedIn’dagi profillarini tekshirishni va so‘z erkinligiga nisbatan senzura qo‘llashda ishtirok etganlarga viza bermaslikni talab qildi. Bu haqda 4 dekabr, payshanba kuni Reuters agentligi hujjat bilan tanish manbalarga tayanib xabar berdi.

Yangi tartib barcha turdagi ishchi vizalarga taalluqli, biroq Davlat departamenti alohida e’tiborni aynan H-1B vizasiga qaratgan — chunki bu viza turi texnologiya sohasida juda talabgir. Endi AQSh diplomatik vakolatxonalari viza uchun talabgor quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritgan-yuritmaganini aniqlashga harakat qiladi: dezinformatsiya tarqatish, kontent moderatsiyasi, faktcheking (ma’lumotni tekshirish) yoki internet xavfsizligini ta’minlash.

Shuningdek, faqat arizachining o‘zi emas, balki AQShga birga ko‘chib o‘tishni istagan oila a’zolarining ham LinkedIn sahifalari tekshiriladi.

«Agar siz nomzod AQShda himoya qilinadigan so‘z erkinligi shakllarini senzura qilish yoki senzura qilishga urinish uchun javobgar bo‘lgani yoki shunga aloqador bo‘lgani haqida dalillar topsangiz, o‘sha arizachini viza olishga huquqsiz deb topishingiz kerak», — deyiladi yozuv matnida.

H-1B ishchi vizasi yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan: unga faqat AQSh kompaniyasidan ish taklifi olgan tor yo‘nalishdagi mutaxassislar da’vogar bo‘lishi mumkin. Oldin kompaniyalar kerakli xorijlik mutaxassislar uchun ariza berishga taxminan 1,5 ming dollar sarflar edi, sentabr oyida esa ushbu yig‘im 100 ming dollargacha ko‘tarildi.

«Kompaniya shu odam hukumatga yiliga 100 000 dollar to‘lashga arziydimi yoki u uyiga qaytishi, uning o‘rniga esa amerikalikni yollash kerakmi, degan qarorga kelishi shart», — deya izoh bergan edi AQSh savdo vaziri Hovard Lyutnik yig‘im oshirilishiga.

Reuters agentligi ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp imzolagan mazkur farmon Vashington va Nyu-Dehli o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarba berishi mumkin — chunki 2024 yilda H-1B dasturi doirasida ma’qullangan arizalarning 71 foizi hindistonlik fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tramp 2025 yil yanvarda Oq uyga qaytganidan beri AQSh idoralari bir necha bor Yevropa davlatlarini senzura va so‘z erkinligini buzishda aybladi. Fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) mamlakat vitse-prezidenti Jyeyms Devid (Jyey Di) Vens shunday tanqid bilan chiqish qilgan edi. Iyul oyida esa Davlat departamenti YeIda qabul qilingan raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni (Digital Services Act, DSA) «Oruel uslubidagi» senzuraga qiyosladi. U, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga soladi va, masalan, dezinformatsiyaga qarshi chora ko‘rishni majburiy qiladi.

Bundan tashqari, sentabr oyida Davlat departamenti Yevropa davlatlariga Jo Bayden ma’muriyati davrida imzolangan va Rossiya, Xitoy va Eron tarqatayotgan dezinformatsiyani fosh etishga ko‘maklashgan o‘zaro anglashuv memorandumlari kuchini yo‘qotgani haqida rasmiy xabar yubordi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid