Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
Falastin bayroqlari va gullar bilan burkangan marosimga G‘azoda anchadan buyon xursandchilik ko‘rmagan minglab oilalar tashrif buyurdi. Tashkilotchilar juftliklar hayotini boshlashi uchun biroz miqdorda pul va zaruriy buyumlarni ham taqdim etgan.
2 dekabr kuni G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida 54 nafar juftlikning ommaviy to‘yi bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni Hamad turar joy majmuasi vayronalari orasida «Baxt libosi» deb nomlangan sahna tiklangan. Bu — ikki yillik urushga qaramay, matonat va hayot sari intilish timsoli sifatida tanlangan.
Anadolu nashrining tashkilotchilarga tayanib yozishicha, 54 juftlik — butun G‘azo bo‘ylab 2 651 nafar arizachilar orasidan qur’a tashlash orqali tanlab olingan.
Falastin bayroqlari va gullar bilan burkangan, milliy qo‘shiqlar yangragan marosimga – G‘azoda anchadan buyon xursandchilik ko‘rmagan minglab oilalar va bolalar keldi.
Juftliklar an’anaviy Falastincha naqshlar tushirilgan libos va kostyumda G‘azodagi vayron bo‘lgan binolar yonidan o‘tishdi. Bu ommaviy to‘y ikki yillik halokat, o‘lim va mojaroning ortidan paydo bo‘lgan kamyob umid lahzalaridan biri sifatida ko‘rildi.
«Bo‘lib o‘tgan barcha voqealarga qaramay, biz yangi hayotni boshlaymiz. Xudo xohlasa, bu urushning oxiri bo‘ladi», deya juftlardan birining so‘zlarini keltirmoqda Associated Press nashri.
«Biz ham dunyodagilar kabi baxtli bo‘lishni xohlaymiz. Ilgari men uy, ish va hammaga o‘xshab yashashni orzu qilardim. Bugun esa orzum tirikchilik qilishga joy topish — bir dona chodir bo‘lsa ham bas. Hayot asta-sekin qaytyapti, lekin biz kutgandek emas», deya qo‘shimcha qildi u.
Barnard kollejining sotsiologiya professori Randa Serhan bu marosimlarning ahamiyati haqida gapirgan.
«Har bir yangi to‘y bilan yangi bolalar dunyoga keladi, bu shuni anglatadiki, xotiralar va nasablar hech qachon yo‘qolmaydi. Bu juftliklar imkonsiz vaziyatda ham hayotni davom ettiradi», dedi Serhan.


Yillab cho‘zilgan azoblardan so‘ng bu to‘y ko‘pchilik falastinliklarga ozgina bo‘lsa ham taskin bergan. Lekin ayrim kelin-kuyovlarning urushda halok bo‘lgan ko‘plab yaqinlarining yo‘qligi iztirobga ham sabab bo‘ldi, deb yozmoqda nashr.
Marosim Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan humanitar tashkilot moliyalashtirdi. Tashkilot nafaqat tadbirni o‘tkazdi, balki juftliklarga hayotlarini boshlashlari uchun bir oz miqdorda pul va ayrim zarur anjomlarni ham taqdim etgan.


Ma’lumot uchun, deyarli butun sektor — so‘nggi ikki yil ichida Isroil olib borgan genotsid ko‘rinishidagi urush tufayli vayron bo‘ldi. Bu urush G‘azoda 70 mingdan ko‘proq insonlar o‘limiga sabab bo‘ldi. 10 oktyabr kuni AQSh boshchiligida sulhga erishilganiga qaramay, Isroil sektorga zarbalar berib kelmoqda.



Mavzuga oid
13:17 / 29.11.2025
Isroil kuchlari qurolsiz va taslim bo‘lgan ikki falastinlikni otib o‘ldirdi (video)
16:03 / 26.11.2025
Hamas so‘nggi jasadlardan birini qaytardi
18:36 / 25.11.2025
«Mutlaq noaniqlik hukmron» - G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasida oldinga siljish kuzatilmayapti
09:12 / 25.11.2025