Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
Samarqandda “yillik daromadi” bir million so‘m ham bo‘lmagan korxona tabiatga milliardlar bilan ham tiklab bo‘lmaydigan zarar keltirdi. “Tadbirkor” ochilmas devorlar ortida cho‘chqa boqib, ularning ozuqasini tayyorlash uchun har kecha avtomobil shinalarini yoqib kelgan.
Foto: Past Darg‘om tumani hokimligi
Past Darg‘om tumanidagi Kamolot mahallasi ahli kechasi tarqaladigan noodatiy tutundan aziyat chekib kelgan. Tutun quyuq, hidi o‘tkir, atrofdagi havo tun bo‘yi ketmaydigan darajada ifloslangan.
Mahalla va jamoatchilikning murojaatidan so‘ng, tuman hokimligi hududda o‘rganish olib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Ismoil Zaxro” MChJ avtomashina ballonlarini yoqib, chorva mollari uchun yemish tayyorlab kelgan. Samarqand shahrining “Super” hududiga yaqin joydagi bu holatdan shahar aholisi ham aziyat chekkan.
Past Darg‘om tumani hokimi o‘rinbosari Aziz G‘afurovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tadbirkor bu hududni to‘liq yopib olgan, bir necha oy davomida ishchi guruhni ichkariga kiritmagan. 3 dekabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishga mutasaddi tashkilotlarning barchasi jalb etilgan. Natijada, 40 sotixli yopiq hududda tadbirkor cho‘chqa boqib kelayotgani aniqlangan.


Tuman hokimligi bu holat tezkorlik bilan to‘xtatilgani va tegishli shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherali Iskandarovga ko‘ra, tadbirkor 2 yil davomida bu yerda cho‘chqa boqib kelgan. Hayvonlarga ozuqa tayyorlash maqsadida kechasi mashina ballonlarini yoqqan. Biznes ombudsmanga xat bilan murojaat va tashkilot javob xatiga asosan, tadbirkorga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.



Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, korxona ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ekologiya organi va sanitariya-epidemiologiya markazidan ruxsat olmagan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, cho‘chqalarni oziqlantirish evaziga havoni ifloslantirib kelgan “Ismoil Zaxro” MChJning 2024 yildagi rasmiy aylanmasi 400 ming so‘m, 2025 yilda esa 1 mln so‘m bo‘lgan. Korxonaning soliq qarzdorligi esa 60 million so‘mdan ortiq.
Bundan tashqari, «Ismoil Zaxro» MChJ Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 12 iyundagi qarori bilan bankrot deb e’lon qilingan, bir muddatdan so‘ng qarzlarni to‘lab, yana faoliyatini davom ettirgan.
Past Darg‘omdagi zaharli tutun voqeasi faqat tadbirkorning huquqbuzarligi emas, balki tizimli nazorat va monitoringning sustligini ham ko‘rsatadi. “Ismoil Zaxro” MChJ bankrotlikdan so‘ng qayta faoliyat boshlagan va keyingi yillarda ham yomon iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan ishlagan. Bu ma’lumotlar soliq aylanmalarida ochiq aks etgan bo‘lsa-da, mas’ul idoralar tomonidan tahlil qilinmagan va yashirin faoliyat yillab davom etgan.
Ushbu holat odamni mulohazaga chorlaydi. Korxona yillab havoni zaharlab kelgan, ochiqdan ochiq ballonlarni yoqqan bo‘lishiga qaramay, negadir mas’ul tashkilotlarning e’tiborini tortmagan. Toki faollar holatni tasvirga olib jamoatchilikka oshkor qilmaguncha yoki hududdagi aholi e’tiroz bildirmaguncha cho‘chqaxonaning eshiklari ochilmagan. Nahotki, shundoq ham “qora tarixi” bo‘lgan jamiyatning faoliyati biror bir mas’ul tashkilot tomonidan tahlil qilinmagan? Soliq qarzdorligi 60 milliondan ortiq korxonaning yillik daromadi 1 mln so‘m ekani nahotki shubhali bo‘lmagan?
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz
Mavzuga oid
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
22:57 / 03.12.2025
Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?
20:28 / 03.12.2025
Bu «hayfsan» bilan bitadigan ish emas: Shahrixonda buzib tashlangan tandirlar badalini kim to‘laydi?
19:16 / 03.12.2025