Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada Roblox o‘yin platformasi bloklandi
Roskomnadzor Roblox onlayn o‘yin platformasini ekstremistik materiallar tarqatishda aybladi. Bundan tashqari, Rossiya idorasi platformada voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tazyiq xavfi borligini ham ma’lum qildi.
Roskomnadzor (RKN) Roblox onlayn o‘yin platformasini blokladi. Qaror bolalar orasida mashhur bo‘lgan servis orqali «ekstremistik materiallar» tarqatilayotgani bilan izohlandi, deb xabar berdi Rossiya idorasi chorshanba kuni, 3 dekabrda.
«Bunday harakatlar, jumladan, o‘yinning “xonalar”i va lokatsiyalarida amalga oshiriladi, u yerda foydalanuvchilar terroristik hujum ijrochisiga aylanishi, maktabga hujum qilishi, shuningdek qimor o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin», — deyiladi Roskomnadzor bayonotida.
Idora, bundan tashqari, «o‘yinda bolalar jinsiy tazyiqqa uchrayotgani, ulardan intim suratlar so‘rab olinayotgani, fohishabozlikka va zo‘ravonlikka undash kuzatilayotgani»ni ham da’vo qilib, platforma «pedofillar orasida ommabop» ekanini ta’kidladi.
Shu kuni rossiyalik foydalanuvchilar Roblox’ga RF hududida kira olmayotgani haqida shikoyat qila boshladi. Shikoyatlarning deyarli yarmi mobil ilovadan foydalanishdagi muammolarga, uchdan bir qismi esa veb-versiyaga tegishli bo‘ldi.
Roblox’ni bloklash ehtimoli haqida Roskomnadzor noyabr oyi oxirida ogohlantirgan, bunda «bolalarning ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nomutanosib kontent»ga ishora qilingan edi. RKN vakillarining aytishicha, 2019 yildan beri platforma rahbariyatiga «taqiqlangan materiallarga kirishni cheklashni talab qilib, muntazam tarzda xabarnomalar yuborib kelgan».
«Roblox’ni monitoring qilish bir necha bor platformada paydo bo‘layotgan materiallar xavfsizligini yuz foiz ta’minlay olmaydigan ichki moderatsiya tizimining samarasizligini tasdiqladi», — deyilgan xizmat xabarida.
RKN ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda ishlab chiqilgan ushbu onlayn-platforma 2024 yil yanvar va iyul oylarida idora talabi bilan Rossiya qonunchiligini buzadi, deb topilgan ayrim loyihalarni o‘chirgan.
Mavzuga oid
10:40 / 18.06.2026
YeI va Kreml o‘rtasida norasmiy aloqalar bo‘lgani xabar qilindi
08:45 / 18.06.2026
G7 bayonotidan so‘ng Kiyev yana hujumga uchradi
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
22:32 / 17.06.2026