Jahon | 14:59 / 04.12.2025
873
2 daqiqa o‘qiladi

Ryutte: Ukraina hamkorlari Rossiyaga bosimni davom ettirishi kerak

AQShning Rossiyani Ukraina bilan muzokara stoliga o‘tirishga undashga qaratilgan urinishlari fonida NATO bosh kotibi Kiyevning hamkor va ittifoqchilari Putinga nisbatan bosimni davom ettirishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: NICOLAS TUCAT / AFP / Scanpix

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z hisob-kitoblarini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi va «chiqish yo‘qligini tushunadi», dedi chorshanba kuni, 3 dekabrda Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte DW savoliga javob berar ekan. Uning fikricha, AQSh tomonining Ukrainadagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish bo‘yicha Moskvani muloqotga undashga navbatdagi urinishidan so‘ng, Kiyevning hamkor va ittifoqchilari Rossiyaga nisbatan bosimni davom ettirishi zarur.

«Bu qurol yetkazib berishni, iqtisodiy bosimni davom ettirishni va natijada, prezidentning hisob-kitoblarini o‘zgartirishni anglatadi. U chiqish yo‘qligini, oxir-oqibat baribir murosaga borishga to‘g‘ri kelishini, bu hozir bo‘ladimi yoki yaqin kelajakda bo‘ladimi, tushunishi kerak», — dedi Ryutte NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi yakunlanganidan keyin alyans shtab-kvartirasida o‘tkazilgan yakuniy matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik jarayoni oxir-oqibat muvaffaqiyatli natijaga olib keladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. «Biz bunga hammamiz duo qilyapmiz», — deb qo‘shimcha qildi NATO bosh kotibi. Uning fikricha, muvaffaqiyat deganda Ukraina suveren davlat sifatida rivojlanishda davom etishi, o‘z qurolli kuchlari orqali o‘zini himoya qila olishi va Minsk kelishuvlari ssenariysi takrorlanmasligi uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlanishi nazarda tutiladi.

DW muxbiri AQSh sa’y-harakatlaridan so‘ng Rossiya pozitsiyasi hech bo‘lmasa biroz bo‘lsa ham Ukraina mavqeiga yaqinlashgan-yaqinlashmagani haqida so‘ralganda, Ryutte javob berishdan bosh tortdi va amalga oshirilayotgan muzokaralar tafsilotlarini oshkor etish ularning borishiga zarar yetkazishini ta’kidladi.

Mavzuga oid