Jahon | 08:52 / 04.12.2025
5200
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti

AQSh prezidenti Donald Tramp Moskvada Stiven Uitkoff va Jared Kushnerning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning yordamchilari bilan uchrashuvini «juda yaxshi» va «ancha muvaffaqiyatli» deb atadi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti hozircha muzokaralardan nima chiqishini «ayta olmasligini» bildirdi.

Foto: Kommersant’ / Dmitriy Azarov

AQSh prezidenti Donald Tramp ta’kidlashicha, uning vakillari Stiven Uitkoff va Jared Kushnerning Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning yordamchilari bilan uchrashuvi «ancha muvaffaqiyatli» bo‘lgan. Bu haqda Amerika yetakchisi chorshanba kuni, 3 dekabrda, Oq uyda jurnalistlar savollariga javob berar ekan ma’lum qildi.

«Menimcha, ular kecha prezident Putin bilan juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdi. Bundan nima chiqadi? Ayta olmayman, chunki tango uchun ikkita kishi kerak. <...> Lekin o‘ylaymanki, biz ular bilan juda yaxshi ishladik — juda mamnunmiz», — dedi Tramp AFP agentligi muxbirining savoliga javoban.

Prezident, shuningdek, telefon orqali gaplashgan Uitkoff va Kushnerda Putin «kelishuv tuzishni», «urushga chek qo‘yishni» va «normalroq hayotga qaytishni» istayapti, degan «qat’iy taassurot» hosil bo‘lganini aytdi.

Ukraina haqida so‘zlar ekan, Tramp ushbu mamlakat vakillari AQShning tinchlik rejasiga nisbatan «ancha yaxshi» munosabatda ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Ukraina rahbariyati kelishuvga rozi bo‘lishi kerak, deb hisoblashini, buni joriy yil fevral oyida, Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida aytganini eslatdi.

«Men shunda: “Sizlarda qartalar yo‘q”, degan edim. Ana o‘shanda kelishish payti kelgan edi», — deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Associated Press agentligiga AQSh prezidenti ma’muriyatidagi yuqori martabali vakil ma’lum qilishicha, Uitkoff va Kushnerning Ukraina delegatsiyasi bilan keyingi muzokaralari 4 dekabr kuni Mayamida bo‘lib o‘tadi. Ukraina tomonidan delegatsiyaga mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov rahbarlik qiladi.

Muzokaralarni davom ettirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham aytdi. 3 dekabr kuni kechqurungi murojaatida davlat rahbari yaqin kunlarda Ukraina va AQSh tomonlarining «uchrashuvlari, aloqalari, muzokaralari» bo‘yicha yangiliklar kutilayotganini ta’kidladi.

«Hozir hammasi yetarlicha samarali kechmoqda — Jyenevadagi va Floridadagi uchrashuvlarda Ukrainani eshitishdi va tinglashdi. Bu juda muhim. Biz kelgusida ham xuddi shunday bo‘lishiga umid qilamiz», — dedi prezident.

Mavzuga oid