Sog‘lom hayot | 17:09 / 04.12.2025
2144
7 daqiqa o‘qiladi

Yo‘talni dorilarsiz ketkazish mumkinmi?

Nafas yo‘llariga yot jism, mikrob, chang yoki allergenlar kirib qolganida organizm ularni chiqarib tashlash uchun yo‘tal refleksini ishga tushiradi. Aslida u alohida kasallik emas, tananing o‘zini himoya qilish mexanizmi, zararli moddalardan tozalovchi tabiiy reaksiyasi hisoblanadi. Agar yo‘talning sababi og‘ir bo‘lmasa, organizm ko‘p hollarda dorilarsiz ham mustaqil kurashadi. To‘g‘ri parvarish, nam havo, ko‘proq suyuqlik ichish va nafas yo‘llarini tinchlantiruvchi oddiy choralar yo‘talni preparatlarsiz yengillashtirishi mumkin.

Foto: Freepik

Qaysi turlari dori talab qiladi, qaysi biri yo‘q?

Quruq yo‘tal: virusli infeksiyalardan keyin paydo bo‘ladigan, balg‘amsiz va tinmay bezovta qiladigan yo‘tal turidir. Shamollash yoki gripp kuzatilganda nafas yo‘llarining ichki qavati yallig‘lanadi va asab uchlari o‘ta sezgir holga keladi. Infeksiya o‘tib ketgan bo‘lsa ham tirnalgan asab uchlari darrov tiklanmaydi. Ularning “tinishi” uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Shu sababli quruq yo‘tal bir necha hafta davom etishi tabiiy. Bu o‘zi alohida kasallik emas, shunchaki nafas yo‘llari hali to‘liq sog‘aymagani uchun paydo bo‘ladigan refleksiv holat sanaladi. Ko‘p hollarda u dorisiz ham asta-sekin yo‘qoladi.

Quruq yo‘tal balg‘am chiqarmaydi. U kechasi kuchayadi. Ayrim hollarda bo‘g‘izda qichishish hissi, ovozning biroz o‘zgarishi yoki uyquning buzilishi ham kuzatiladi. Virusdan keyingi bu yo‘talni yengillashtirish uchun organizmga qulay sharoit yaratish muhim: xona havosini nam holatda saqlash, ko‘p suyuqlik ichish, ovozni dam oldirish va bo‘g‘izni tuzli suv bilan chayish kerak.

Nam yo‘tal: tananing nafas yo‘llarini tozalash mexanizmi hisoblanadi. Balg‘am bilan birga kechadi. Balg‘amni tashqariga chiqarish organizm uchun foydali bo‘lgani sababli uni butunlay to‘xtatib qo‘yadigan dorilar foyda o‘rniga zarar yetkazishi ehtimoli mavjud. Bunday holatda asosiy vazifa balg‘amni suyultirish, uning oson chiqishini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarur. Ko‘p suyuqlik ichish, xona namligini oshirish, iliq bug‘ ingalyatsiyasi kabi choralar yetarli bo‘ladi. Faqat balg‘am juda quyuq yoki yo‘tal kuchli bo‘lsa, shifokor maxsus balg‘am suyultiruvchi preparat tavsiya qilishi mumkin.

Allergik yo‘tal: balg‘amsiz bo‘ladi, qichishish, aksirish, burun bitishi yoki ko‘z yoshlanishi bilan kechadi. Dorisiz ham vaqtincha yengillashadi, ammo allergen bilan aloqa davom etsa, yo‘tal qayta-qayta takrorlanadi. Bunday holatda asosiy yechim allergenni aniqlab, undan uzoqlashishdir. Ba’zan antigistamin dorilar yoki shifokor tavsiyasiga ko‘ra allergiyaga qarshi aerosol, spreylardan foydalanish talab qilinadi. Ammo asosiy muammo bartaraf etilmasa, yo‘tal davom etaveradi.

Surunkali yo‘tal (2–3 haftadan ortiq davom etadigan): u yashirin kasallik belgisi bo‘lishi mumkin. Bunda dorilarsiz usullar deyarli yordam bermaydi. Surunkali yo‘tal har doim tibbiy ko‘rikni talab qiladi. Shifokor rentgen, spirometriya, laborator tahlillar yoki boshqa tekshiruvlar o‘tkazib, sababga qarab maqsadli davolash belgilaydi.

Dorilarsiz qanday kamaytirish mumkin?

Namlik va toza havo yo‘talni yengillashtirishda eng kuchli tabiiy vositalardan hisoblanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xona havosi 40–60 foiz namlikda bo‘lsa, nafas yo‘llari qurimaydi, balg‘am suyuladi va yo‘tal ancha kamayadi. Shu sababli uyda havo namligini me’yorda ushlab turish juda muhim. Xonani kuniga bir necha marta shamollatish, imkon bo‘lsa havo namlagich yoki shunchaki suv solingan idish qo‘yish katta yordam beradi. Bundan tashqari, chuqur va iliq havodan nafas olish bo‘g‘izni tinchlantiradi. Ammo bug‘li ingalyatsiya tavsiya etilmaydi: u kuyish yoki nafas yo‘llarining shishishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘p suyuqlik ichish yo‘tal davrida eng oddiy, ammo samarali choradir. Suv, iliq choy, kompot yoki tabiiy sharbatlar organizmni namlaydi, balg‘amni yupqalashtiradi va uni osonroq chiqarishga yordam beradi. Ayniqsa, iliq suyuqliklar tomoqdagi qichishishni kamaytirib, yo‘tal xurujlarini yengillashtiradi.

Asal JSST tomonidan tan olingan tabiiy vositalardan biri bo‘lib, qizilo‘ngachdagi asab retseptorlarini tinchlantiradi va yo‘tal chastotasini sezilarli kamaytiradi. Bir choy qoshiq asalni iliq suvga qo‘shib ichish kechasi yo‘tal kuchayadigan odamlarga yaxshi yordam beradi. Faqat bitta muhim qoida bor: asalni 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarga berish mumkin emas.

Tuzli suv bilan og‘iz va tomoqni chayqash bo‘g‘izdagi yallig‘lanishni kamaytiradi hamda shishishini bosadi. Bu nafas olishni yengillashtirib, yo‘tal darajasini pasaytirishi ham mumkin. Ayniqsa, shamollash yoki virusli infeksiyalardan keyin foydali bo‘ladi.

Ko‘pchilik yo‘tal kuchayganida bug‘li vannaga qilishni odatga aylantirgan, aslida bug‘ har doim ham foyda bermaydi: jarayonda nafas yo‘llari ichki shilliq qavati shishib, ahvol yomonlashishi mumkin. Shuning uchun bug‘li ingalyatsiya o‘rniga shunchaki iliq havo bilan chuqur nafas olish tavsiya etiladi. Bu bo‘g‘iz mushaklarini bo‘shatadi va yo‘talni kamaytiradi.

Agar yo‘tal allergiyadan bo‘lsa, asosiy e’tibor uy gigiyenasiga qaratilishi lozim. Chang tez-tez yig‘iladigan joylarni yuvish, yostiq va ko‘rpa g‘iloflarini almashtirish, uy hayvonlaridan uzoqroq yurish, o‘tkir hidli atirlar va ayerozollarni cheklash allergik yo‘talni kamaytiradi. Chunki allergen bilan har bir aloqa yo‘talni qaytadan qo‘zg‘atadi.

Ovozni dam oldirish ham muhim. Ko‘p gapirish, baqirish yoki baland ohangda suhbatlashish bo‘g‘izning qayta tirnalishiga olib keladi. Oqibatda yo‘tal kuchayadi. Shu sababli kasallik davrida bo‘g‘izga ortiqcha yuk tushirmaslik, imkon qadar sokin gapirish yoki biroz sukut saqlash foydali.

Qachon dorisiz usullar yordam bermaydi?

Quyidagi holatlar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak:

  • yo‘tal 2–3 haftadan ortiq davom etsa;
  • nafas qisilishi bo‘lsa;
  • yuqori harorat bir necha kundan ortiq saqlansa;
  • qon aralash yo‘tal yuzaga kelsa;
  • ko‘krakda og‘riq paydo bo‘lsa;
  • kichik yoshdagi bolalarda holat tez-tez takrorlansa.

Mavzuga oid