O‘zbekiston | 15:37 / 05.12.2025
1452
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar holati «Hokimiyat monitori» orqali real vaqtda nazorat qilinadi

Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida shahar muhitini boshqarish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan «Qulay muhit» va «Hokimiyat monitori» axborot tizimlari yaratiladi. Ushbu tizimlar orqali mahallalardagi holat real vaqt rejimida monitoring qilinadi va joylardagi muammolarga tezkor munosabat bildirish imkoniyati yaratiladi.

Hujjatga ko‘ra, ma’muriy videokuzatuv tizimlari asosida:

obodonlashtirish va qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunbuzilishlar avtomatik tarzda qayd etiladi;
mahalla hududlarida giyohvand moddalar tarqatilishining oldini olishga ko‘maklashiladi.

Shuningdek, raqamli videodomofon tizimlari joriy etilib:

turar joy binolari atrofini doimiy nazorat qilish;
aholini tezkor xabardor qilish va fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qayta aloqa o‘rnatish imkonlari yaratiladi.

Loyiha doirasida dispetcherlik markazini o‘z ichiga olgan yagona shahar platformasi tashkil etiladi. U orqali:

mahallalar hududidagi holat tezkor monitoring qilinadi, xizmat ko‘rsatish ishlari yuzasidan nazorat kuchaytiriladi;
katta hajmdagi ma’lumotlar bazasi (Big Data) tahlili va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda obodonlashtirish sohasini boshqarish sifati oshiriladi.

Mazkur axborot tizimlari fuqarolarning hayot sharoitini yaxshilash, mahallalarda tartib-intizom va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, shahar boshqaruvida ochiqlik va javobgarlikni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid