Jahon | 19:09
4327
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva meri migrantlardan norozi bo‘lganlarga qo‘lga supurgi olishni maslahat berdi

Shuningdek, Sergey Sobyanin Ichki ishlar vazirligining statistik ma’lumotlariga tayanib, migrantlar o‘rtasida jinoyatlar soni kamaygani va fosh etilishi oshganini ta’kidladi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya poytaxti Moskva shahri meri Sergey Sobyanin 3 dekabr kuni TVS telekanali efirida aholining poytaxtda malakasi past va til bilmaydigan migrantlarning zo‘ravonligi haqidagi shikoyatlariga keskin javob qaytardi.

Shuningdek, u 2018 yildan beri poytaxtda mehnat migrantlari soni o‘zgarmaganini aytdi.

«Men bu «mutaxassislarga», agar ular juda ishtiyoqmand bo‘lsa, supurgini olib, Moskva ko‘chalariga borishni, oliy ma’lumot diplomi va doktorlik dissertatsiyasi bilan supurishni maslahat bergan bo‘lardim», dedi Sobyanin.

«Ular bunday qilmaydi, deb o‘ylayman. Xo‘sh, unda buni kim qiladi? Demak, moskvaliklarning yuqori malakali o‘rinlarini egallaydigan oliy ma’lumotli migrantlarni jalb qilishimiz kerak. Moskvaliklar esa yo‘llarni tozalashga chiqadimi? Bunda mantiq ko‘rmayapman...», deb qo‘shimcha qildi u.

Sergey Sobyanin ilgari Moskvada mehnat migrantlarining aniq hisobi bo‘lmaganini aytdi. Shuningdek, u Ichki ishlar vazirligining statistik ma’lumotlariga tayanib, migrantlar o‘rtasida jinoyatlar soni kamaygani va fosh etilishi oshganini ta’kidladi.

«Talonchilik, qotillik, o‘g‘rilik kabi og‘ir jinoyatlar soni bir necha barobarga kamaydi. Talonchilik 7,5 barobarga, qotilliklar 2 barobarga kamaydi», deb qo‘shimcha qildi Sobyanin. - Migrant tomonidan sodir etilgan jinoyat nima? Buni avval ochib, isbotlab, keyin kimligini, rossiyalik yoki migrantligini aytish kerak. Shu bilan birga, Moskva maydoni ham, aholisi ham ko‘paydi. Shaxsga qarshi xavfli jinoyatlar soni esa kamaydi».

Ammo bu, uning so‘zlariga ko‘ra, «hamma narsa ajoyib va hamma mamnun» degan ma’noni anglatmaydi.

«Albatta, Moskvada bo‘lib turgan, boshqa mamlakatlardan kelayotgan bunday ko‘plab odamlar katta e’tibor, tartib o‘rnatish va ular ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qiladi», deb ta’kidladi Sobyanin.

Mavzuga oid