Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
So‘rov: nemislar hukumat va pensiya tizimidan norozi
Hukmron koalitsiya ishidan faqat 20 foiz nemislar mamnun, Germaniya pensiya tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligiga esa faqat 7 foiz fuqaro ishonadi. Deutschlandtrend’ning dekabr oyi so‘rovnomasi asosiy natijalari - DW materialida.
Faqat 20 foiz nemislar «qora-qizil koalitsiya» deb ataluvchi hozirgi hukmron koalitsiya ishidan mamnun. Unga Xristian-demokratik ittifoq (XDI), Xristian-sotsial ittifoq (XSI) va Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) kiradi. Bundan jamoatchilik-huquqiy ARD telekanali buyurtmasiga ko‘ra Infratest dimap instituti 1–3 dekabr kunlari o‘tkazgan Deutschlandtrend so‘nggi so‘rovnomasi natijalari guvohlik beradi. Unda Germaniyaning 1306 nafar yoshi katta fuqarosi ishtirok etgan.
Taqqoslash uchun: noyabrda e’lon qilingan so‘rovnoma hokimiyat ishidan qoniqish darajasini 22 foiz darajasida qayd etgan edi, hozir esa bu ko‘rsatkich yana oktyabr oyida kuzatilgan rekord darajada pastga tushib ketdi. Agar bundestagga saylovlar yaqinlashayotgan dam olish kunlarida bo‘lib o‘tganida, hukmron koalitsiya jami 41 foiz ovoz to‘plagan bo‘lar edi: 27 foiz respondentlar XDI/XSI blokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor, qolgan 14 foiz esa GSDP uchun ovoz bergan bo‘lardi. O‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi bunday sharoitda 25 foiz ovoz olgan bo‘lar edi.
Federal kansler Fridrix Mers ishidan bir oy o‘tishi bilan mamnun bo‘lganlar soni ham kamayyapti — noyabrdagi 26 foiz o‘rniga hozir 23 foiz. Vazirlar mahkamasi a’zolari orasida nemislar ishonchiga eng ko‘p sazovor bo‘layotgani mudofaa vaziri Boris Pistorius hisoblanadi — so‘rovda ishtirok etganlarning 58 foizi uning ishidan mamnun.
Germaniya fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi — 90 foizi — mamlakat pensiya tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini pessimistik baholaydi, faqat 7 foiz kishi bu fikrga qo‘shilmaydi. Taxminan 80 foiz esa pensiya ta’minoti darajasidan, yuklamalarning keksalar va yoshlar o‘rtasida, shuningdek yuqori va past maosh oluvchi nemislar o‘rtasida taqsimlanishidan norozi.
81 foiz fuqaro pensiya yoshini 70 yoshgacha oshirishga qarshi. Deyarli shuncha — 76 foiz — pensiya miqdorini o‘rtacha maoshning 48 foizidan past darajaga tushirishga qarshi. Hukumat pensiya miqdorini 2031 yilgacha aynan shu 48 foiz darajasida mustahkamlab qo‘ymoqchi, jamiyat esa buni shu muddatdan keyin kamaytirish rejasiga ishora sifatida qabul qildi.
Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etganlarning 78 foizi «faol pensiya» joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi. Unga ko‘ra, pensiya yoshiga yetganidan keyin ham ishlashda davom etayotgan nemislar oyiga 2000 yevrogacha bo‘lgan daromadidan soliq to‘lashdan ozod etiladi.
So‘rov shuni ham ko‘rsatdiki, Germaniya aholisining 66 foizi Rossiya va Ukraina 2026 yili tinchlik kelishuvi tuzishiga ishonmaydi. 2024 yil yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari bilan solishtirilganda, bunday fikrdagilar ulushi 21 foiz punktga kamaygan. Shu vaqt ichida urush kelasi yili tugashi mumkin, deb hisoblaydigan nemislar soni 9 foizdan 27 foizgacha oshgan.
Shu bilan birga, nemislarning 69 foizi AQSh prezidenti Donald Trampning tomonlar o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan, 21 foiz respondent esa uning harakatlariga salbiy munosabatda. Bundan tashqari, 65 foiz kishi AQSh pozitsiyasini Rossiyaga nisbatan juda ham iliq, haddan tashqari moyil, deb hisoblaydi, 22 foiz bu fikrga qo‘shilmaydi.
Ukraina hududlarining bir qismini Rossiyaga berish va Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha nemislarning fikri deyarli teng ikki lagerga bo‘lingan: 48 foiz Ukraina urushni to‘xtatish uchun yerlarning bir qismini berishga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylaydi, 43 foiz esa bunga qo‘shilmadi. Ukraina uzoq muddatli istiqbolda Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishi kerak, degan fikrga 45 foiz aholi qo‘shilgan bo‘lsa, shuncha kishi bu fikrga qarshi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 67 foizi Yevroittifoqning 2035 yildan boshlab ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish rejalarini noto‘g‘ri, deb hisobladi. 2025 yil yanvar oyidan buyon bu qarorga qarshi bo‘lganlar ulushi yana 5 foiz punktga oshdi. YeI rejalarini 28 foiz respondent qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tashabbusning eng ko‘p tanqidchilari GuM tarafdorlari orasida — 94 foiz, XDI/XSI bloki tarafdorlari orasida — 75 foiz va GSDP elektorati orasida — 54 foiz. YeI rejalari eng katta qo‘llab-quvvatlashga esa «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasi tarafdorlari (77 foiz) va «So‘llar» partiyasi tarafdorlari (61 foiz) tomonidan ega bo‘lgan.
Mavzuga oid
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
16:43 / 03.12.2025
Germaniya TIV rahbari: Ukrainani tinchlik yo‘lida og‘riqli murosalar kutmoqda
11:30 / 03.12.2025