Moliya | 16:02
3126
9 daqiqa o‘qiladi

Soxta dollarni qanday aniqlash mumkin?

Dollarning haqiqiyligini bir qarashda aniqlash qiyin, qalbaki pullar esa bozorda tobora ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, ko‘chmas mulk savdosida, turistik pavilionlarda va eksport yoki import bilan ishlaydiganlar shunday xavf bilan ko‘p to‘qnashadilar.

Agar yaqin kunlarda siz biror mulk, deylik avtomobil, uy sotish niyatida bo‘lsangiz yoki naqd shakldagi boshqa yirik hisob-kitoblarni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, dollarning haqiqiyligini qanday tekshirish kerakligini bilishingiz muhim va biz bu borada bilganlarimizni siz bilan bo‘lishamiz.

Haqiqiymi, soxta emasmi?

Ayirboshlash yoki savdoda ko‘p guvohi bo‘lganimiz 50 yoki eski namunadagi 100 nominaldagi AQSh dollari bilan muomala qilinganda aksar hollarda “Soxta emasmi?” deb xazil aralash savol so‘raladi. Buning sababi O‘zbekistonga xorijdan kirgan soxta valutalar qatorida mamlakatimizda ham pulni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar sonining ko‘pligi.

Soxta pullar asosan ranglar politrasi kam ishlatilgan kupyuralarda ko‘proq uchraydi, lekin jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, valuta birliklari nominali qancha kattalashgan sari, himoya elementlari soni ko‘payib boraveradi.

Soxta xorijiy valutalar ko‘pincha davlatlarga kontrabanda yo‘llari bilan, qo‘l bagaji hisoblangan “pochta”lar yordamida yoki qalbakisini haqiqiysiga sotish orqali muomalaga kiritiladi. Bunday noqonuniy faoliyatning aksar sababi – oson pul topish ilinjidagi nafs hisoblanadi.

Dollarni tekshirish usullari

Bankda. Dollarlarning haqiqiyligini bankda tekshirish – eng oddiy va qulay usul. Dollarni tekshirish xizmati aslida mutlaqo bepul va cheklovlarsiz, lekin har bir tijorat banki – bu borada qanday siyosat yuritishni mustaqil hal qiladi. Biz bir necha banklar bilan bog‘langanimizda ma’lum bo‘ldiki, xizmat ko‘p banklarda xavfsizlik va boshqa mijozlarni kuttirib qo‘ymaslik maqsadida yo‘lga qo‘yilmagan.

Maxsus kompaniyalar. Dollarning haqiqiyligini tekshirish uchun nafaqat banklar, balki ixtisoslashgan xizmat kompaniyalari ham mavjud. Ularda mijoz so‘roviga binoan mulk sotuvi jarayonida notarius binosiga borish xizmati ham mavjud bo‘lib, xizmat ko‘pincha umumiy summaning 0,1% evaziga taqdim etiladi.

Apparat ijarasi. Dollarning haqiqiyligini tekshirish uchun uskunani sotib olishga katta summa sarflashni xohlamaganlar uchun ijaraga olish imkoniyati mavjud. Toshkentdagi “Malika” bozorida bunday uskunalarni kuniga 100-150 ming so‘mga ijaraga olish ham mumkin. Bu, masalan, kvartira yoki avtomobil sotib olishda bir martalik tekshirishlar uchun qulay variant bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar xizmatlari. Kupyuralarning haqiqiyligini tekshirish bo‘yicha maxsus o‘qitilgan mutaxassislar ham mavjud. Ular odatda savdo-sotiq bitimlari uchun taklif qilinadi va tranzaksiyaning xavfsizligini ta’minlaydi. Ularning xizmatlari narxi tekshirilayotgan pullar miqdoriga qarab, kupyura uchun 300 dan 500 so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Bankomatlarda tekshirish. Bankomatlarda kupyurani almashtirish uchun kiritib, operatsiyani bekor qilish mumkin. Bankomat pulni qabul qilganda uning qalbaki ekanini tekshiradi. Agar banknota haqiqiy bo‘lsa, ichkariga o‘tadi, qalbaki bo‘lsa, o‘tmaydi. Bu usul kichik miqdordagi pullarni tekshirish uchun qulay bo‘ladi.

Tekshirish uchun apparat sotib olish. Agar dollarlarni tez-tez tekshirish zarurati tug‘ilsa, kupyuralarni sanash va haqiqiyligini tekshirish uchun maxsus apparat sotib olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Odatda oddiy hisoblagichlar ichida qalbaki pulni aniqlash uchun o‘rnatilgan sensorlar mavjud, narxlari esa o‘rtacha 1 million so‘m atrofida.

Uy sharoitida tekshirish

Yuqorida qayd etilgan soxta valutalarni tekshirish usullaridan tashqari, eng ommalashgan usul – vizual tekshirishdir. Bunda qabul qilib olinayotgan har qanday valuta birligi uni chiqargan Markaziy bankning yo‘riqnomalari asosida tekshiriladi. Namunalarni bilish soxta pullardan himoyalanishning eng oson usuli hisoblanadi. Buni 100 AQSh dollari misolida ko‘rib chiqamiz. 

1. Suv belgisi. 2004 yilgi AQSh Federal rezerv valutasi yorug‘likka tutilganda, ikkala tomondan ko‘rinadi.

2. Rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq. 10, 20, 50 va 100 dollarlik kupyuralarda rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq mavjud bo‘lib, u 45 daraja bukilganda rangi misdan yashilga o‘zgaradi. 2004 yilgi 100 dollarlikda “Siyohdondagi qo‘ng‘iroq” tasviri o‘zgaradi.

3. Himoya ipi. 1 va 2 dollarlik kupyuralardan tashqari, har bir banknotda shaffof vertikal ip o‘rnatilgan. Ushbu ipda banknotning nominal qiymati mavjud va faqat yorug‘likka tutilganda ko‘rinadi.

4. 3D xavfsizlik tasmasi. 100 lik kupyurada qog‘ozga ko‘k lenta o‘rnatilgan. Agar siz kupyurani oldinga va orqaga egsangiz, qo‘ng‘iroqlar va 100 raqamining tasvirlari turli tomonga siljiydi.

5. Federal rezerv banknotalaridagi seriya raqamining birinchi harfi ushbu seriyaning chiqarilgan yilini anglatadi: E = 2004, G = 2004A, I = 2006, J = 2009, L = 2009A.

6. Federal zaxira tizimi indikatorlari: Federal rezerv tizimining 12 ta tarqatuvchi banklaridan biriga mos keladigan alfavit-raqamli belgi.

7. Banknotdagi harflar va raqamlarning joylashuvi

8. Old tomonni bildiruvchi raqam

Qalbaki o‘zbek so‘mi

Yuqorida bayon qilingan soxta valutalarni tekshirish usullari AQSh dollari qatorida, so‘mga ham taalluqli.

Quyida O‘zbekistonda eng ko‘p qalbakilashtiriladigan Markaziy bankning 100 ming so‘mlik na’munasini keltirib o‘tamiz. Yuqorida aytilgandek ranglar politrasi kam bo‘lgani uchun, ushbu kupyuraning qalbakisi ko‘p chop etiladi.

Soxta emas, shikastlangan

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, haqiqiy banknotlar banklarda “muomalaga yaroqli”, “eskirgan” va “to‘lovga yaroqsiz” toifalariga ajratiladi.

Muomalaga yaroqli” darajasiga ega bo‘lish uchun banknotga yozilgan yozuv (bo‘yoq)lar joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan ko‘p bo‘lmasligi; yirtilgan, teshilgan joyining diametri 1 sm.dan oshmasligi hamda rangi keskin tarzda o‘zgarmagan bo‘lishi zarur.

Eskirgan” banknotlarga esa yuqoridagi talablarga javob bera olmaydigan pullar kiradi. Ular to‘lovga yaroqli hisoblanadi. Shu bois ular savdo nuqtalarida qabul qilinishi shart. Farqi shuki, “eskirgan” pullar banklarda qabul qilingach, qayta muomalaga chiqarilmaydi.

To‘lovga yaroqsiz” – banknot yuzasining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan pullar hisoblanadi va ular savdo shoxobchalarida qabul qilinmaydi. Agar “to‘lovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub bo‘lmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin.

Xorijiy valutalarni almashtirish jarayonida banklar qalbaki bo‘lmagan, lekin shikastlangan dollarni qabul qilganda komissiya haqi oladi. Chunki ular ham dollarni yangisiga almashtirish jarayonida inkassa, sug‘urta, ba’zida ekspertiza uchun, xorijiy bank komissiya xarajatlari uchun haq to‘laydilar.

Qalbakilashtirish qonunga muvofiq taqib qilinadi

Bu tanlanlangan kichik sarlavha hammamizga “Abdullajon” filmini eslatib yuboradi. Ha, nafaqat so‘mni, balki istalgan xorij valutasini qalbakilashtirish qonunga muvofiq jazolanadi. 2025 yil sentabr oyida Kun.uz yoritgan bir holatda Turkiyadagi to‘ydan terib olingan 1700 dollar soxta pul uchun vositachiga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Savdo jarayoni yoki ayirboshlash bo‘lishidan qat’i nazar, valutalar cho‘ntagingizga kirishidan oldin uni tekshirish kerak. Agar biron-bir shubha bo‘lsa, pulni olmagan ma’qul. Bordi-yu qo‘lingizga allaqachon shubhali banknot tushgan bo‘lsa, u bilan to‘lov qilmaganingiz afzal. Chunki soxta pulning sizdan qabul qilib olingani haqida ichki ishlar organlariga xabar yetsa, vaqtingiz kamida vaziyatni organ hodimlariga uzoq tushuntirishga ketadi.

Pulning qalbaki bo‘lishi mumkinligiga shubhangiz bo‘lsa, uni bank orqali ayirboshlash yaxshi fikr emas. Chunki haqiqatan ham qalbaki bo‘lib chiqsa, bank ayirboshlash shoxobchasi banknotani sizga qaytarib bermaydi va ichki ishlar organiga murojaat qiladi.

IIV huzuridagi ekspert-kriminalistika markazi soxta dollarni aniqlash (valuta ekspertizasi), dollar bilan bog‘liq hujjatlarni tekshirish, valuta jinoyatlarida kriminalistik dalillarni tahlil qilish, bankomat (terminal)lardagi dollar operatsiyalariga bog‘liq ekspertizani tashkil etishda vakolatli organlardan biri hisoblanadi.

Qoidaga ko‘ra, qonunni bilmaslik jazodan ozod qilmaydi. Xossatan, soxta pul muomalasi bilan ham. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasiga muvofiq, qalbaki pul yoki aksiz markasini yasash va/yoki ularni o‘tkazish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Mavzuga oid