Jahon | 15:10
818
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi

Vashington, agar Yevropa 2027 yilgacha NATO doirasidagi ayrim dasturlar bo‘yicha majburiyatlarning asosiy qismini zimmasiga olmasa, ushbu mudofaa mexanizmlaridagi ishtirokini qisqartirish bilan tahdid qilgan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Foto: Kacper Pempel/REUTERS

Qo‘shma Shtatlar shuni istamoqdaki, 2027 yilga borib Yevropa NATO doirasidagi mudofaa majburiyatlarining asosiy qismini — raketalar ishlab chiqarishdan tortib razvedka ma’lumotlarini to‘plashgacha o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu haqda 5 dekabr, juma kuni Reuters agentligi vaziyatdan boxabar manbalarga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ushbu talab shu hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tgan, NATO siyosati uchun mas’ul Pentagon xodimlari va bir qator Yevropa mamlakatlari delegatsiyalari uchrashuvida bildirilgan. Uchrashuvda AQSh mudofaa idorasi vakillari Vashington hozircha Yevropaning 2022 yilda Rossiya Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirganidan keyin o‘z mudofaa salohiyatini qanday sur’atda oshirayotganidan qoniqmayotganini ta’kidlagan.

Amerika rasmiylari ogohlantirishicha, agar Yevropa 2027 yilgacha qo‘yilgan muddatga ulgurmasa, AQSh NATOning ayrim mudofaani muvofiqlashtirish mexanizmlaridagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Reuters qayd etishicha, Vashington Yevropaning bu boradagi “ilgarilashini” qanday belgilashi hozircha aniq emas. Shuningdek, ushbu muddat AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining rasmiy pozitsiyasimi yoki faqat Pentagondagi ayrim amaldorlarning qarashimi, bu ham noaniq.

Bir necha yevropalik mansabdorlar agentlikka bergan intervyusida 2027 yilgacha bo‘lgan muddatni noreal deb atagan. Ularning aytishicha, qisqa muddat ichida Yevropaning AQSh imkoniyatlarini to‘liq almashtirishi uchun faqat investitsiyalar va siyosiy iroda yetarli emas.

NATO rasmiy vakili Reuters’ga izoh berar ekan, yevropalik ittifoqchilar Yevropa xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni boshlaganini ta’kidladi. AQSh tomoni belgilagan aniq muddat bo‘yicha esa izoh berishdan tiyildi.

Mavzuga oid